Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hududida sodir bo`lgan fojia minglab insonlarning boshpanasiz, hujjatsiz qolishiga sabab bo`ldi.
Davlat xizmatlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan hujjatlari yo`qolgan fuqarolar ro`yxatini shakllantirilayotgani haqida xabar berildi.
Xususan, Jizzax olimpiya zaxiralari maktab-internati yotoqxonasiga joylashtirilgan 239 nafar Oqoltin tumani aholisining 32 nafarida tug`ilganlik, nikoh qayd etilganlik guvohnomalari, fuqarolik pasporti, kadastr hujjatlari yo`qolganligi aniqlangan.
Ularga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eksterritoriallik tamoyili asosida mazkur hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.
Sirdaryo viloyatida ro`y bergan falokat xalqimizning birdamligini, uning saxovati, rahm-shafqati, yordamga doimo tayyorligini yaqqol namoyon etdi. Hodisadan talofat ko`rganlar uchun Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida insonparvarlik yordami to`planib, ushbu buyumlar viloyatning Do`stlik tumaniga joylashtirilgan 4 070 nafar sirdaryoliklarga yuborilmoqda.
Kecha Arnasoy, Do`stlik, Mirzacho`l, Paxtakor, G`allaorol tumanlari va Jizzax shahriga jami 10 629 nafar Sirdaryo viloyati fuqarolari evakuasiya qilindi.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, bugunning o`zida 1 608 nafar fuqarolarning pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlari mavjudligi yuzasidan monitoring o`tkazildi. Shundan 292 fuqaroning 94 nafarida pasport, 134 nafarida tug`ilganlik, 64 nafarida nikohni qayd etish guvohnomasi mavjud emasligi ma`lum bo`ldi.






