AsosiyJamiyat

Ikkita davlat karantindan chiqdi

Serbiya hukumati 4 maydan kafe va restoranlar ochilishiga ruxsat berdi. Shuningdek, jamoat...

'Ikkita davlat karantindan chiqdi'ning rasmi

Serbiya hukumati 4 maydan kafe va restoranlar ochilishiga ruxsat berdi. Shuningdek, jamoat transporti qisman faoliyat yurita boshlaydi. Bu haqda kun.uz yozmoqda. 

Butun mamlakat bo`ylab shaharlararo avtobus va temir yo`l transporti harakatlanishi tiklanadi. 

8 maydan poytaxt Belgrad va Nish shahrida jamoat transporti qatnovi tiklanadi. Yo`lovchilar xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari kerak bo`ladi. Shu kuni mamlakatda bog`lar va savdo markazlari ochiladi. 11 maydan esa bolalar bog`chalari ishlay boshlaydi. 18 maydan aviaaloqani tiklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 7 maydan komendantlik soati bekor qilinadi. 

Epidemiolog Predrag Kon komendantlik soati bekor qilingandan keyin mamlakatda ba`zi cheklovlar amal qilishi davom etishini ma`lum qilgan. “Komendantlik soati bekor qilingani epidemiya bekor qilinganini anglatmaydi”, deb ogohlantirgan mutaxassis.

Shuningdek, Afrikaning eng yirik iqtisodiyotga ega va aholisi eng ko`p davlati hisoblangan Nigeriyada 4 maydan bir qator karantin cheklovlari bekor qilinadi. Bu birinchi navbatda mamlakatning yirik megapolislariga taalluqli bo`ladi.

Karantin choralari engillashtirilishi 6 hafta davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu jarayon 3 ta bosqichga bo`linib, ulardan har biri 14 kun davom etadi.

4 maydan mamlakat aholisiga, epidemiologik vaziyat murakkab bo`lib qolayotgan Kano shtatidan tashqari, oziq-ovqat xaridi, ishga borish, sport bilan shug`ullanish va tibbiyot muassasalariga borish uchun erkin harakatlanishga ruxsat beriladi. Banklar soat 8dan 14gacha ishlaydi. Maktablar yopiqligicha qoladi, barcha madaniy tadbirlar taqiqlov ostida bo`ladi, restoranlarga faqat taomlarni olib ketish uchun ishlashga ruxsat beriladi.

Jamoat joylarida tana harorati o`lchanadi va tibbiy niqoblar taqib yurish majburiy bo`ladi.

Shu bilan birga Nigeriya prezidenti mahalliy hokimiyatlarga pandemiyaga qarshi kurashda keng huquqlar bergan.

Nigeriya hukumati karantin engillashtirilishiga asosiy sabablardan biri uning iqtisodiyotga salbiy ta`siri ekanini yashirmayapti. Prezidentning ta`kidlashicha, karantin ham davlat, ham jamiyat uchun juda katta iqtisodiy yo`qotishlarga olib kelgan.  

    Boshqa yangiliklar