Valera Bagirov va uning ikki sherigi bu haqiqatga sal kechroq, tungi Toshkent sayridagi sho`xliklariga guvoh bo`lib qolgan “badjahl amaki”dan qochayotib amin bo`lishdi. Aslida u amaki u qadar badjahl emas, shunchaki tong saharda velosipedda uchishni xush ko`ruvchi otaxon edi xolos. U daf`atan shubhali ivirsib yurgan yigitlarni ko`rib, ularning niyati bejo ekanini payqadi. Ammo, bu paytida ular bitta “Damas”ni ship-shiydam qilib bo`lishgandi.
Qoyilmaqom uchlik
…Aleksey va Janna Valeraning yaqin qadrdoni edilar. Ular avvaliga uchovlon yaxshigina ulfatchilik qilishdi. Keyin to`rt devor ichida o`tiraverish jonlariga tegdi shekilli, ko`chaga “ovga” otlanishdi. To`g`rirog`i, ularni bu “yo`l”ga Valeraning o`zi boshladi.
-Sizlar ham yuribsizlar-da, haqiqiy “ish” qanaqa bo`lishini ko`rsataman sizlarga!
-Biz nima qilishimiz kerak? – so`rashdi “sheriklari”i.
-Hech narsa, xavf-xatar tug`ilganda, menga “gudok” tashlasangiz, kifoya.
Shu tariqa bolalar yo`lga chiqishdi. Yo`l-yo`lakay dadillik uchun bitta shishani bo`shatishdi. Shundan so`ng, Valeraning ta`biri bilan aytganda “aravalarni engillatish” – ya`ni engil mashinalarni to`nashga kirishishdi.
Xamir uchidan patir
Poytaxning chekka dahalaridan biri. Darvozalardan birining oldida sutrang “Damas” turardi. Undan sal narida, ko`chaning boshida esa, po`latrang “Mersedes”. “Boshladik” shivirladi Valera sheriklariga.
Ishni “Damas”ni shilishdan boshlashdi. Bagirov qo`lidagi otvertka bilan orqa tarafdagi yon oynani ko`chirib oldi. Keyin esa, eshikni ochib, mashina ichiga kirdi. Magnitofon anjomlar taxtasi ustida turar, ammo panel g`aladon ichida ekan. Valera “o`ljalarni qo`yniga urib, tashqariga chiqdi.
Endi navbat “Mersedes”ga kelgandi. Xuddi avvalgi usul bilan orqa yon oynani ko`chirib olgach, yana osongina mashina ichiga kirib oldi. Biroq, mashina g`aladonidan DVD-disklar chiqdi, xolos. “Nachora, yo`qdan ko`ra harna” deya disklarni qo`yniga soldi Valera.
Baroridan kelmagan “ov”
Shu payt kimning “to`xta” degan xitobini eshitib, avval joyida qotdi. Keyin esa disklarni yo`lma-yo`l sochgancha, qochib ketdi. Vesipeddagi kimsa esa, uni anchagacha ta`qib qilib bordi. O`z “rahbarlari” uchun quyonning ini ming tanga bo`lganini ko`rgan Aleksey va Janna ham juftakni rostlashdi.
Shundan so`ng ular Valeraning uyiga etib kelishdi va uyquga ketishdi. Ular uchun bu “ov” ancha omadsiz kelgandi. Ular notanish velosipedchidan qochib ketisharkan, yo`l-yo`lakay ancha-muncha narsalarni tushirib qoldirishgan, bu esa, ularning qo`lga tushishida, jinoyatning tezroq ochilishida yordam bergan.
Ma`lum bo`lishicha, V.Bagirov ilgari ham xuddi shu taxlit jinoyatlarni bir necha marotaba sodir etgan. Bir qancha mashinalarning oynasini ko`chirib, uning ichidagi qimayti bir necha million so`mlik turli qimmatbaho buyumlarni o`g`irlab ketgan.
Nihoyat, “buzoqning qochgani somonxonagacha” deganlaridek, bu jinoiy guruhning faoltiyatiga ham chek qo`yildi. Ehtimol, Valera va uning sheriklari bu jazodan so`ng, o`zlariga tegishli xulosa chiqarishar?
O. Fozilova, jurnalist
Maqola qahramonlarining ism-familiyalari o`zgartirilgan.





