Bugun, 5 may soat 14:00 da Ma`muriy ishlar bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudida O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning Ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani bo`yicha ochilgan ish ko`rib chiqilishi kerak edi. Ammo sud majlisi o`tkazilmadi.
Bu haqda "Qalampir.uz" shunday yozadi: "Bunga rasmiylar jo`yali izoh bergani ham yo`q. Sud majlisida ishtirok etish uchun Ma`muriy ishlar bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudiga borgan va hamon o`sha erda bo`lib turgan muxbirimizning xabar berishicha, ayblanuvchi Yulduz Usmonova, hatto, kelmagan ham. Uning o`rniga uyidan turib, Instagram orqali jonli muloqot uyushtirgan. Xonanda jonli muloqot vaqtida shunday degan:
“Sirdaryoga borolmadim. Xayriyalarni administratorlarim orqali jo`natdim. Hozir uyimdaman. Sudgacha bo`lgan surishtiruv ishlari ketyapti. Unda borib qatnashib keldim. 10 kun uydan chiqa olmayman. Shuning uchun Sirdaryoga ham borolmadim".
Ichki ishlar vazirligi mas`ullarining sud bugun soat 14:00 boshlanadi degan gapiga ishonib, sud binosi oldiga borgan jurnalistlar esa 4-5 soat davomida tashqarida kutishiga to`g`ri kelgan. Oradan 5 soatga yaqin vaqt o`tgach, IIV mas`ullari jurnalistlardan ketishlarini iltimos qilgan.
Ma`lumot uchun, kecha, 4 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlarini keskin tanqid qilgani va haqoratlagani aks etgan video tarqaldi.
Ichki ishlar vazirligi holat bo`yicha surishtiruv ishlari boshlanganini ma`lum qildi. Vazirlik Matbuot kotibi Shohruh G`iyosov esa QALAMPIR.UZ bilan suhbatda madaniyat sohasi vakilining bu harakati judayam nomaqbul ekanini aytib, videoni bir ko`rishda Usmonovaning ruhiy salomatligiga shubha qilganini ta`kidladi.
Hozirgacha Madaniyat vazirligi va “O`zbekkonsert” davlat muassasasi ham videoga munosabat bildirdi. Ulardan biri xonandaga tanbeh berib cheklangan bo`lsa, ikkinchisi Usmonovaning axloqi masalasi jamoatchilik kengashida ko`rib chiqilishini ta`kidladi.