20 iyun kuni O`zbekiston Respublikasining barcha oily ta`lim muassasalarida qabul komissiyalari o`z ishini boshladi.
Abiturientlar 20 iyul kuniga qadar soat 9:00 dan 18:00 gacha oliy ta`lim muassasalardagi qabul komissiyalariga kelib, o`z hujjatlarini topshirishlari mumkin, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati.
Oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirishni istagan abiturientning hujjatlari to`plamida quyidagilar bo`lishi lozim:
-ta`lim yo`nalishi, o`qitish tili va shakli ko`rsatilgan holdagi ariza;
-ta`lim haqida hujjatning asl nusxasi (attestat, kollej/lisey diplomi);
-086—U shakldagi tibbiy ma`lumotnoma;
-pasport nusxasi;
-3,5×4,5 hajmda (pasportdagi kabi) 6 ta fotosurat bo`lishi kerak.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqa g`oliblari o`qishga tanlovsiz kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasini taqdim etishlari kerak bo`ladi.
Abiturient qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatni shaxsan ko`rsatadi.
Muddatli harbiy xizmatni o`tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo`lgan abiturientlar tegishli tavsiyanomani ham oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasiga taqdim etishlari kerak.
Abiturient hujjatlarining to`liqligi tekshirilgandan so`ng, u veb-kamera orqali suratga tushiriladi va hujjatlar qabul qilinadi. Suratga tushirish uchun har bir oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasida alohida burchak yoki xonalar tashkil etilgan bo`lib, ushbu surat abiturientlar bazasiga kiritiladi va Davlat test markaziga yuboriladi.
Barcha zarur hujjatlar topshirilgandang so`ng qabul komissiyasi abiturientga hujjatlarni qabul qilinganligi haqida tilxat beradi.
Eslatib o`tamiz, test sinovlari odatdagidek 1 avgust kuni bo`lib o`tadi.
23.06.2015 14:24