Bugungi kunda barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng tatbiq etilib, sifatli interaktiv xizmatlar ko`rsatilayotgani o`zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan to`lovchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, soliq solish bo`yicha keng ko`lamdagi zarur ma`lumotlarni olishni yanada rivojlantirish maqsadida interaktiv davlat xizmatlari ko`rsatilmoqda. Bu o`z navbatida fuqarolar va davlat soliq xizmati organlari o`rtasidagi o`zaro aloqalarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, rasmiy www.soliq.uz saytida «Jismoniy shaxslarning er solig`ini hisoblash elektron kalkulyatori» interaktiv xizmati joriy etilgan. Ushbu interaktiv davlat xizmati jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning soliq savodxonligini oshirish, davlat soliq xizmati organlarida mavjud ma`lumotlardan foydalangan holda mustaqil ravishda jismoniy shaxslardan olinadigan er solig`ini avtomat tarzda hisoblab chiqarish, uning to`g`ri hisoblanishi va imtiyozlar to`g`ri kiritilganligini nazorat qilish imkonini beradi.
Mazkur interaktiv xizmatdan foydalanish uchun rasmiy www.soliq.uz saytiga kirib, Jismoniy shaxslar uchun bo`limidan «Jismoniy shaxslarning er solig`ini hisoblash elektron kalkulyatori» interaktiv xizmatini tanlagan holda tizimga o`tiladi. Jismoniy shaxslarning er solig`ini hisoblash uchun katakchalar to`ldiriladi, bunda soliq to`lovchi o`ziga taalluqli ma`lumotlarni majburiy tartibda emas, balki o`z xohishiga qarab to`ldiradi.
«Elektron kalkulyator»da soliq imtiyozlarini avtomat tarzda chegirish imkoniyatlari nazarda tutilgan va tegishli soliq turi bo`yicha jismoniy shaxslarga berilgan soliq imtiyozlarini kiritish uchun soliq to`lovchiga O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va boshqa me`yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini to`ldirish va belgilash uchun imtiyozlar ro`yxati kalkulyatorning asosiy oynasida aks ettirilgan.
Elektron kalkulyator yordamida jismoniy shaxslar tomonidan er solig`i bo`yicha to`lanishi lozim bo`lgan soliq summasining hisoblab chiqarilishida quyidagi katakchalar to`ldiriladi:
- er uchastkasi joylashgan hudud;
- obektning kodi orqali er uchastkasining nima maqsadda foydalanilayotganligini tanlash;
- o`lchov birligi orqali er uchastkasining maydoni tanlanadi;
- er uchastkasining zonasi;
- soliq turi bo`yicha jismoniy shaxslarga berilgan soliq imtiyozlari;
O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 290-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini to`ldirish uchun «qo`shish» tugmasini bosish kerak.
Elektron kalkulyatorga birlamchi ma`lumotlar kiritilib, «Hisoblash» tugmachasi bosilgandan so`ng quyidagi natijalar komputer ekranida aks etadi:
- to`lanishi lozim bo`lgan jami soliq summasi;
- soliq turi bo`yicha berilgan imtiyoz summasi;
- byudjetga to`lanishi lozim bo`lgan soliq summasi.
Kompyuter ekranida hosil bo`lgan natijani har bir soliq to`lovchi jismoniy shaxs chop etish yoki elektron ko`rinishda saqlab olish imkoniyatiga egadir. Ushbu interaktiv xizmat, Davlat soliq qo`mitasi tomonidan har kuni istalgan vaqtda to`xtovsiz va bepul ko`rsatiladi.
Shuni alohida ta`kidlab o`tish lozimki, Davlat soliq qo`mitasi tomonidan joriy etilgan interaktiv davlat xizmatlari tegishli ma`lumotlarni soliq to`lovchiga etkazib, ularning xabardorligini oshirish, soliq savodxonligini yuksaltirish, vaqt hamda mablag`lari tejalishi, eng muhimi, soliq organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta`minlashga xizmat qilmoqda.





