Oliy o`quv yurtiga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari abiturientlarning xavotiri ortib boraveradi. Ushbu xavotirni faqat o`z bilimiga bo`lgan ishonch hissi engishi mumkin, buni tekshirib ko`rish esa endi juda oson. ZiyoNET Davlat ta`lim portali barcha oliy o`quv yurtiga (OO`Yu) kiruvchilarga foydali sovg`a tayyorladi – bu haqiqiysiga yaqinlashtirilgan holda belgilangan vaqtda test topshirish imkoniyati. Xo`sh, bunday on-layn testning maqsadi nima, natijalar qanday olinadi? Shu kabi savollarga ZiyoNET resurs markazi mutaxassisi Kamola AXMEDJONOVA javob beradi.
ONLAYN-TESTNING MAQSADI
—«Abiturient» loyihamiz O`zbekiston OO`Yulariga individual tayyorlanish uchun onlayn-test tizimi tomonidan taqdim etilgan. Maqsad – talaba bo`lish istagidagi barcha yoshlarga hamda bilimini tekshirib ko`rish istagi bo`lgan barchaga shunday imkoniyatni yaratib berish. Bizning portalda testdan o`tish uchun ID.uz (yagona identifikasion tizim) dan ro`yxatdan o`tish lozim. Barcha testlarni ishlash huquqi ro`yxatdan o`tgandan so`ng beriladi.
ABITURIENT NATIJALARNI DARHOL OLIShI MUMKINMI?
— Testdan o`tish uchun, o`zingiz istagan OO`Yu yoki kerakli mutaxassislikni tanlash lozim. Abiturient uchun virtual imtihon muhiti yaratiladi, uch soat vaqt va 108 ta - har bir fandan 36 tadan savol beriladi. Foydalanuvchilar natijalar bilan darhol tanishishlari mumkin.
YaNA QANDAY QULAYLIKKA EGA?
— «Abiturient» loyihasida har bir foydalanuvchi uchun qulay interfeysda ishlangan. Unda O`zbekiston hududlari bo`ylab OO`Yu va mutaxassisliklarni ko`rish mumkin. Qiziqarli ma`lumotlar sifatida «O`tgan yilgi o`tish ballari» — barcha OTMlar va barcha mutaxassisliklar bo`yicha abiturientlar soni, bitta o`ringa tanlov, ta`lim shaklining byudjet (grant) va kontrakt to`lovi uchun o`tish ballari bilan ham tanishish imkoni mavjud.
QANDAY TESTLAR TAQDIM ETILGAN?
- Abiturientlar uchun eng qiziq va foydali ma`lumot — imtihon muhitiga yaqinlashtirilgan sharoitda testdan o`tish imkoni (vaqt belgilangan bo`ladi). Test uchun savollar o`tgan yilgi test to`plamlar va boshqa manbalardan olingan. Testni bir necha marta topshirish va o`sishni belgilab borish imkoni berilgan. Test sinovidan o`tishdan oldin istagan OTMni tanlashingiz va testni topshirgandan so`ng tanlangan oliy ta`lim muassasasiga kira olish imkoniyatingizni baholay olasiz. Bitta fan bo`yicha ham test sinovidan o`tish imkoniyati mavjud.
STATISTIKA BORMI? ShU KUNGAChA TEST TOPShIRGANLAR SONI QANChA?
— Statistika ishlab chiqilgan, hozirgi vaqtda yuzdan ortiq foydalanuvchilar portalga kirib o`z bilimlarini tekshirib ko`rishdi. ZiyoNET RM xodimlari tomonidan ma`lumotlarni yig`ish va foydalanuvchilarga taqdim etish borasida juda katta ishlar olib borilgan. Portal abiturientlarga bo`lg`usi mutaxassislikni tanlashga va istagan OO`Yu kirishga yordam beradi, degan umiddamiz.
Darvoqe…
1. ZiyoNET orqali tanlangan OTM qaysi yo`nalishlar bo`yicha mutaxassislarni (OTM va mutaxassisliklar bo`limida)tayyorlaydi, yoki aksincha, qaysi OTMlar tanlangan yo`nalishlar (“Mutaxassislar katalog”i) bo`yicha kadrlar tayyorlanishini ko`rishingiz mumkin.
2. “Abiturientlar uchun qo`llanma” bo`limida imtiyozlar, blank to`ldirish namunalari, test sinovi vaqtidagi talablarni ko`rish va yuklab olish imkoniyati mavjud.
3. «OTM imtihonlarini topshirish uchun hujjatlar» bo`limida o`qishga topshirish oldidan kerakli hujjatlar bilan tanishasiz.
4.«Videoroliklar» bo`limida OTMga kirish uchun hujjatlarni to`g`ri to`ldirish haqidagi roliklarni ko`rish mumkin.
MUHIM!
ZiyoNETda ishlash mutlaqo bepul: portal bepul TAS-IX zonasida ishlaydi, u OO`Yuga kirayotgan abiturientlarga va talabalarga qulaylik yaratadi.
O.FOZILOVA





