AsosiySiyosat

O`zbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

'O`zbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar'ning rasmi

Bugun, 8 may kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda UzA yozmoqda.

Davlat rahbarlari kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan G`alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlariga samimiy tabrik va tilaklar bildirdilar. Birodar xalqlarimizning Buyuk G`alabaga erishishda beqiyos hissa qo`shgani alohida qayd etildi.

Suhbatda O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari ko`rib chiqildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo munosabatlari jadal rivojlanayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlab chiqarish kooperasiyasi kengayib borayotgani, hududlar va ishbilarmon doiralar o`rtasidagi muloqotlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta`lim sohasidagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va sheriklikning yangi yo`nalishlarini ilgari surish maqsadida qo`shma Hukumatlararo komissiya doirasidagi uchrashuvlarni, shu jumladan videoanjumanlar shaklida davom ettirishga kelishib olindi.

Prezidentlar pandemiya bilan bog`liq ikki mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildilar hamda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda aloqador idoralarga yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni ta`minlash bo`yicha topshiriq berdilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi doirasida ko`p tomonlama qo`shma tadbir va dasturlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.

Suhbat har doimgidek samimiy va do`stona ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar