Bugun barcha oliy ta`lim muassasalarida 2015—2016-o`quv yili uchun magistratura yo`nalishlariga qabul komissiyalari ish boshladi, deb xabar bermoqda«Xushnudbek.uz» sayti.
Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi. Joriy yilda 68 ta OTMlarga 5 ming nafar magistr talabalar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Magistraturaga kirishda qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
· magistratura mutaxassisligi ko`rsatilgan holda, oliy ta`lim muassasasi rektori nomiga ariza;
· oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko`chirma — O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarini davlat granti bo`yicha o`qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
· 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
· 086-U — shakldagi tibbiy ma`lumotnoma.
Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abiturientlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko`rsatadilar. Ko`rsatib o`tilgan hujjatlar mavjud bo`lganda oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.