AsosiyJamiyat

Poytaxtda bir oqshom tunash qanchaga tushadi?

“Gazetaning avvalgi sonlarida Toshkentda vaqtincha yashash uchun xostellar mavjudligi haqida o`qigan edim. Biroq hamma ham ular haqida bilmaydi. Ularni qaerdan topish mumkinligi haqida batafsil ma`lumot bersangiz. Ular aeroport va vokzallar qoshida ham mavjudmi? Xizmat narxlari qanday? Yana qaerda tunab qolsa bo`ladi? Ushbu ma`lumot chekka hududlardan poytaxtga tashrif buyuruvchilar uchun ayni muddao...”

F.Mag`dieva, Buxoro sh.

Yoz – poytaxtga dam olish, sayohat         va  xaridlarni  amalga oshirish uchun yurtimizning barcha hududlaridan mehmonlar keladigan mavsum... Kimlardir dam olishga, yana kimlardir davolanishga va shaxsiy masalalarni hal etish uchun keladi. Bir so`z bilan aytganda, sabablar ko`p, kelganda esa muammo bitta – qaerda to`xtash? Ham hamyonbop, ham qulay bo`lsin...

MEHMONXONA VA MEHMONXONA UYLARI

Bu vaqtinchalik yashashning u qadar arzon bo`lmagan, ammo g`am-tashvishdan xoli usuli. Mehmonxonadagi xonadan tashqari mehmon nonushta va bepul Wi-Fi’ga ega bo`lishi mumkin. Bundan tashqari poytaxtda 5 kun turadiganlar uchun vaqtinchalik ro`yxatdan o`tish ham ta`minlanadi.

O`rtacha narxlar

Ikkita yulduzli mehmonxonalarda narxlar sutkasiga 80-100 u.e. (O`zbekiston fuqarolaridan to`lov Markaziy  bank kursi bo`yicha so`mda qabul qilinadi) tashkil qiladi. Mehmonxonalarning bir o`rinli ekonom klass nomeriiga joylashish ham doim qimmat bo`ladi, shu sababli 3-4 kishi bo`lib tashrif buyurgan mehmonlar ko`p kishili xonalarni band qilishsa, to`lov kishi boshiga hisoblanib, arzonroqqa tushadi.

Tejamkor variantlarni u qadar katta bo`lmagan xususiy mehmonxona va mehmonxona uylari ham taklif qilishmoqda. Ularning ba`zilarida bir kishi uchun sutkasiga 10 u.e. to`lab joylashsa bo`ladi.

Yashash uchun o`z varintlarini xostellar ham taklif etishmoqda – bu esa byudjet va umumiy turar joy orasida oltin o`rtalik sanaladi. Bular faqat bir kecha tunashni maqsad qilgan mehmonlar uchun juda qo`l keladi. Toshkentda ilk bor paydo bo`lgan xostellarning manzillarini internetdan topish mumkin.

Biroq ulardagi narxlar pulini tejab qolmoqchi bo`lganlar uchun u qadar to`g`ri kelmaydi.

Bizning tahlil bunday muassasalarda bitta joyning narxi 10 u.e.dan kam emasligini ko`rsatdi.

Darvoqe, surishtiruv davomida vokzal va aeroportlar qoshida ham hech qanday mehmonxona va yotoq uchun joylar yo`qligini aniqladik.

Muassasa nomi

Joyi

Taklif

“Hayot Xostel”

Mirobod tumani

Bir o`rinli xonada joy narxi 75 ming so`m

“Tapchan-Xostel”

Mirobod tumani

Bitta joy narxi 30 ming so`m

“Art-xostel”

Yakkasaroy tumani

Bitta joy narxi 60 ming so`m

“Art-trevel”

Yunusobod tumani

Bir o`rinli xonada joy narxi 50 ming so`m

“Xosilot”

Yakkasaroy tumani

Bir o`rinli xonada joy narxi 35 ming so`m

“Safar”

Yakkasaroy tumani

Bir o`rinli xonada joy narxi 40 ming so`mdan

“Mirzo”

Shayxontohur tumani

To`rt o`rinli xonada joy narxi 65 ming so`m

“Suvchi”

Shayxontohur tumani

Bitta joy narxi 20 ming so`m

 

Qaerdan topish mumkin?

Ko`p mehmonxonalarning o`z saytlari mavjud, ularni qidiruv tizimlarini ishga solib topish mumkin. Toshkentda joylashgan bunday muassasalar to`g`risidagi ma`lumotni O`zbekiston sayyohlik sohasiga yo`naltirilgan– http://welcomeuzbekistan.uz/ portalidan olish mumkin.

Ammo afsuski ulardagi sharoitlar, aloqa va narxlar to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan O`znetda yagona baza hali mavjud emas. Ushbu sohada eng keng ma`lumotlarni o`z ichiga olgan bepul elektron ma`lumotnomalar mavjud.

TOShKENTDA UYNI IJARAGA OLISh NARXLARI

O`zingizga vaqtinchalik yashash joyini izlar ekansiz, bunda eng avvalo, o`zingiz uchun qanday sharoit to`g`ri kelishini aniqlab olishingiz lozim: faqat tunab qolish uchun joy kerakmi; xonada boshqa shaxslar bilan qo`shni bo`lib yashashga tayyormisiz; barcha sharoitlari bor alohida xona kerakmi; egasi bilan birga tursa ham arzonroq bir yotoq bo`lsa basmi? Ijara narxlari ana shu omillarning barchasiga bog`liq bo`ladi.

O`rtacha narxlar

Quyida keltirilgan jadvalda eng minimal narxlar keltirilgan. Ularni shakllantirishda inobatga olingan omillarda xonalarning soni, ta`mir holati, jihozlarning sifati, maishiy texnikaning mavjudligi inobatga olingan.

Uy-joy turi

Oylik ijara narxi

Yotoq joyi

50 000 so`mdan

Alohida xona

100 000 so`mdan

Alohida xonadon

400 000 so`mdan

Bir qavatli uy

500 000 so`mdan

 

Qaerdan topish mumkin

Bunday takliflar e`lon qilinadigan maydonlar sifatida elektron doskalar va gazeta sahifalarini ko`rsatish mumkin.

Ular orasida eng mashhurlari Olx.uz (sobiq Torg.uz), Arka.uz, Zor.uz, Vse.vsem.uz, bosma nashrlar orasida esa “Darakchi-Biznes market” va boshqalar bor.  

Uzoq muddatli ijara uchun uylarni agentliklar yoki alohida rieltorlar ko`magida ham topish mumkin. E`tiborli bo`ling: rieltorlarga murojaat qila turib, ularning hujjatlarini tekshirishni unutmang.

Poytaxtda ro`yxatdan o`tish

O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to`g`risidagi Yo`riqnomaga ko`ra besh kundan olti oygacha davrdagi vaqtincha qayd etish fuqaroni doimiy istiqomat joyidagi ro`yxatdan chiqarmasdan amalga oshiriladi. Toshkentda 5 kundan ko`p vaqt turmagan fuqarolar ro`yxatdan o`tishlari shart emas.

Fuqaroning poytaxtda necha kun turish muddatini uchastka noziri surishtirib aniqlashi mumkin.

Pasport tizimi qoidalarini buzsangiz

Hisobda turmasdan yashasa...

Pasporti bo`lishi shart bo`lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo`qolishi — eng kam ish haqining 1 dan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Hisobda turmasdan yashashga yo`l qo`yilsa

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashiga yo`l qo`yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o`z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo`l qo`yishi — eng kam ish haqining 3 dan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Mehmonlarga eslatma

Yuqoridagi usullardan foydalanmoqchi bo`lgan fuqarolar uchun ayrim tavsiyalarni bermoqchimiz:

  • Yashash joyingiz haqida poytaxtga kelmasdan avval o`ylab olganingiz ma`qul. Mehmonxona va xostellarning telefon raqamlariga, shuningdek e`londagi ijaraga beruvchi xonadon egalariga qo`ng`iroq qiling hamda joyni oldindan buyurtma qilib qo`ying.
  • Sayyohlarning kelishi va barcha mehmonxonalar buyurtma qilinish mavsumini inobatga oling. Bu davr mart oyining o`rtalaridan may oyi o`rtalarigacha hamda avgust oyi ohiridan oktyabr oyining  so`nggini kunlarini  o`z ichiga oladi.
  • Agar siz poytaxtga besh sutkadan ko`proq muddatga kelgan bo`lsangiz, vaqtinchalik yashash joyingizga vaqtinchalik ro`yhatga turing.

Ushbu maqola reklama hisoblanmaydi, material ushbu sohada aholi uchun zarur bo`lgan barcha ma`lumotlarni etkazish maqsadida tayyorlangan. Tanlash huquqi mushtariylarga qoldi.

S.Almaeva,

R.Jalyaeva

tayyorladi

    Boshqa yangiliklar