AsosiyJamiyat

#Ramazon-2020 “Saharlik qilinglar! Chunki...”

'#Ramazon-2020 “Saharlik qilinglar! Chunki...”'ning rasmi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilinglar! Albatta, saharlik qilishda baraka bordir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ushbu hadisda ro`zador saharlik qilishga targ`ib qilinadi. Chunki saharlik qilishda ko`plab yaxshiliklar hamda diniy va dunyoviy buyuk barakalar bor. Demak, saharlik qilish fazilat, vojib emas. Agar vojib bo`lganida edi Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ba`zi sahobalar o`tar ro`za tutmagan bo`lar edilar.

Endi quyida yuqoridagi hadisdan kelib chiqib, saharlikdagi foydalarning bir nechtasini keltirib o`tamiz:

  1. Saharlik qilish bilan ibodatni taqvo ila ado qilish bor. Chunik go`yo saharlik qilish ila kunduzgi Qur`on qiroati, namozlar va zikrlarni ado qilish uchun Alloh taolodan yordam so`rashlik bor. Zero, qorni och inson ibodatlarni qilish uchun kuchi etmay, dangasalikka yo`l qo`yishi mumkin.
  2. Saharlik qilish bilan ochlik sababli sodir bo`ladigan gunoh ishlardan o`zini saqlab qoladi.
  3. Saharlik qilish bilan ro`za tutishni engil sanab hatto, yana ko`proq ro`za tutish rag`bati paydo bo`ladi. Natijada ro`za tutish kishi uchun oson ishga aylanadi.
  4. Saharlik qilish bilan Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashish bor. Agar sunnat deya niyat qilib, saharlik qilsa, ajrga ham ega bo`ladi. Biroq, qornini to`ydirish va quvvatga ega bo`lish maqsadida bo`lsa, o`sha maqsadiga erishadi.
  5. Saharlik sababli tahajjud namozini hamda duo va zikr qilish uchun eng xayrli vaqt bo`lmish kechaning oxirida uyqudan uyg`onadi.
  6. Saharlik qilish bilan ahli kitoblarga xilof qilish bor. Zotan, dinimizda ularga o`xshashdan qaytarilganmiz. Hadisda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Biz bilan ahli kitoblarning ro`zasidagi farq, saharlik eyishdadir”, dedilar.
  7. Saharlikka turish bilan bomdod namozini jamoat bo`lib o`qishga muyassar bo`ladi. Shuning uchun ham ramazon oyida boshqa oylarga nisbatan bomdod namozida odamlar ko`payadilar.

Shuningdek, saharlik qilishda bir qancha manfaatlar bor. Ba`zilari oshkor bo`lgan va ba`zilari hali oshkor bo`lmagan. Nima bo`lganda ham haqiqiy mo`min Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bor ekan, u zotning aytganlaridan manfaat topadimi yoki yo`qmi, ergashishda davom etaveradi. Alloh taolo barchamizni sevikli Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni oson qilsin.

Yahyo ABDURAHMANOV,

“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi.

    Boshqa yangiliklar