AsosiyJamiyat

Pensiyalar yana naqd pulda beriladigan bo`ldi

'Pensiyalar yana naqd pulda beriladigan bo`ldi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Davlatimiz rahbari yig`ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi.

– Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo`lgan sharoitda yashash va ishlashga o`rganish zarurligi to`g`risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz.

Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini ta`minlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada o`zimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng o`rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, qaerda hokimlar butun mas`uliyatni o`ziga olib, chuqur o`ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo`lsa, o`sha joyda yaxshi natija bermoqda.

Lekin ba`zi joylarda berilgan erkinlikni noto`g`ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko`chalarni to`ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo`lishga chaqirmoqda.

Umuman, koronavirus xavfi yo`qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o`zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigienaga qat`iy amal qilish, qo`lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to`y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o`tkazish, yuqumli kasal bo`lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.

Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o`zimizga bog`liq, – dedi Shavkat Mirziyoev.  

Ma`lumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to`lovlar naqdsiz shaklga o`tkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga to`liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar