Joriy yilning 19 iyul kuni Asaka avtomobil zavodi tashkil etilganiga 19 yil to`ladi, deya xabar beradi "O`zavtosanoat" AK.
Zavod faoliyatining birinchi yilida 25 ming 300 ta engil avtomobil ishlab chiqarilgan bo`lsa, keyingi yili bu ko`rsatkich 64 mingdan oshdi. 2010 yil davomida 217 ming 733 dona avtomobil zavodning yurtimizdagi va xorijiy mamlakatlardagi rasmiy dilerlik korxonalari orqali o`z egalariga etkazilgan bo`lsa, 2011 yilda 222 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. 2012 yilda esa bu ko`rsatkich 236,2 ming donani tashkil etgan. Jahondagi mana-man degan avtomobil konserni va kompaniyalari xalqaro moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tufayli ishlab chiqarishni keskin kamaytirayotgan bir paytda, yildan-yilga o`sib borayotgan bu raqamlarning dolzarb ahamiyatga ega ekanini tushunish uchun sohaning bilimdoni bo`lish shart emas.
2013 yilda jami 246,6 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo`lib, shundan 157,7 mingga yaqini mamlakatimiz ichki bozoridagi xaridorlarga etkazib berilgan bo`lsa, qolgan 90,8 mingtaga yaqin avtomobil xorijga eksport qilingan. O`tgan yillar davomida “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar soni yil sayin oshib borgani esa korxona jamoasi mahsulotlarining nafaqat sifat darajasini yaxshilashga, balki ularning sonini ko`paytirishga ham erishganini ko`rsatadi. O`tgan 2014 yilda esa 245,6 ming dona avtomobil ishlab chiqarilib, shundan 55,2 mingtasi xorijga eksport qilingan. Joriy 2015 yilning birinchi yarmida “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillar soni 119412 donani tashkil etdi.
Charos Omonova tayyorladi.





