AsosiyJamiyat

Dabdabozlikning oldini olish haqidagi qaror muhokamasida qatnashing

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimiyati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Tuman hududida to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag`ishlangan tadbirlarni o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida”ga qarorini muhokamaga qo`ydi.

Bu haqda "Elektron Hukumat" tizimini rivojlantirish markazi xabar beradiQarorning asosiy maqsadi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 28 oktyabrdagi Farmoni ijrosini ta`minlash hamda tuman hududidagi to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan o`tkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli bunday holatlarga chek qo`yish, fuqarolar sog`ligi va xavfsizligini ta`minlashdir.

Qaror loyihasiga muvofiq, tuman xotin-qizlar qo`mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo`limi, “Nuroniy” jamg`armasi tuman bo`limi, Ma`naviyat-targ`ibot markazi tuman bo`limi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda to`y-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni o`tkazishni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashi tuziladi.

To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag`ishlangan tadbirlarni ixcham o`tkazishni, dabdabali o`tkazilayotgan tadbirlarga sarflanayotgan mablag`larni kam ta`minlangan oilalarni moddiy qo`llab-quvvatlashga yo`naltirish targ`ib qilinadi.

Tumandagi davlat boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat unumdorligini saqlash maqsadida restoran, oshxona, kafe va to`yxonalarda ish kunlari to`y va marosim munosabati bilan soat 07.00 dan 09.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha osh berish va aksincha ish vaqtida soat 09.00 dan 12.00 gacha, 14.00 dan 18.00 gacha osh berishni ta`qiqlash, hamda soat 22.00 dan keyin to`y va bazmlarni davom ettirish holatlarining oldini olish bo`yicha jamoatchilikning takliflari qo`llab-quvvatlanadi.

Restoran, oshxona, kafe va to`yxonalarda to`y-hasham va turli marosimlarni o`tkazishda plastik kartochkalar, naqd pul o`tkazish yo`li va bank krediti orqali o`tkaziladigan to`lovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, bir xil belgilangan narxlarda amalga oshirilishi nazoratga qilinadi. Barcha restoran, oshxona, kafe va to`yxona egalari to`y va marosimlarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi texnikalar, ko`rgazmalar va pirotexnikadan foydalanmaslik hamda to`yxona atrofida yashovchi aholining tinchligi buzilmasligi uchun to`y-hashamdan so`ng shovqinli holatlar bo`lmasligini ta`minlanadi.

To`y-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari tuman hududida aylanishi va suratga olishi jarayonida fuqarolar hamda yo`l harakati xavfsizligiga qat`iy rioya etilishini nazorat qilish bo`yicha, shuningdek mazkur turdagi tadbirlarni tantanali o`tkazishga jalb qilinadigan avtomashinalar sonini 4 tadadan oshmagan miqdorda bo`lishini ta`minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilanadi.

To`ylar va bazmlarda san`atkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilinishi, shuningdek xonandalik va raqqosalik lisenziyasi mavjudligi nazoratga olinsin, raqqosalik kasbiga nomunosib bo`lgan qiz-juvonlarning to`y-hasham va bazmlarga raqqosa nomi ostida chiqishi qat`iy cheklanadi.

Mazkur qaror “QAMAShI” gazetasida rasman e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.

Muhokama joriy yilning 11 avgustida o`z nihoyasiga etadi.

    Boshqa yangiliklar