AsosiyJamiyat

O`zbekiston aeroportlari ochildi: narxlardagi o`zgarish va yolg`iz uchish shartlari ma`lum qilindi (Video)

'O`zbekiston aeroportlari ochildi: narxlardagi o`zgarish va yolg`iz uchish shartlari ma`lum qilindi (Video)'ning rasmi

Pandemiyadan keyin bugun 18 may kuni Toshkent xalqaro aeroporti yo`lovchilar uchun ilk parvozlarni yo`lga qo`ydi. Bugun ertalab soat 9:00da 21 nafar yo`lovchi Nukusga uchib ketdi. Urganch-Toshkent yo`nalishida chipta olgan 45 nafar yo`lovchi esa poytaxtimizga qaytadi.

Maxsus komissiya qaroriga asosan O`zbekistonning 4 ta Nukus, Urganch va Termiz xalqaro aeroporti ochildi va yo`lovchilarga xizmat ko`rsata boshladi.

O`zbekistonning boshqa viloyatlaridagi aeroportlar ham bosqichma-bosqich maxsus komissiya qaroriga asosan ochilishi kutilmoqda.

Endi samolyotlar kamroq yo`lovchi bilan qatnaydi

“Uzbekistan airports” aksionerlik jamiyati matbuot kotibi ma`lumotlariga ko`ra, qatnovlarga Sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan COVID-19 infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko`p bo`lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanini tasdiqlovchi ma`lumotnomaga ega yo`lovchilar qo`yiladi. Bunda ro`yxatdan o`tishda va havo kemasi sahnida karantin choralariga rioya qilish, 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash, himoya niqobini taqish va qo`lqop kiyish shart. Aviakompaniya xodimlari ham muntazam ravishda COVID-19 virusi uchun tahlillar topshirib turadilar.

Shuningdek, havo laynerida ham yo`lovchilar bir-biridan uzoqda, masofa saqlagan holda joylashtirilmoqda. Ya`ni 158 o`rinli mahalliy qatnovdagi havo laynerida 98 nafar yo`lovchi ucha oladi. Har bir qatnovdan so`ng xavo layneri dezinfeksiya qilinadi.

Pandemiya vaqtida aviaqatnovlar amalga oshmadimi?

Pandemiya davrida yo`lovchilar uchun aviaqatnovlar amalga oshirilmadi. Ammo, “Uzbekistan airports” aksionerlik jamiyati yuk va pochta tashish xizmatlari faoliyati to`xtagani yo`q. Xususan Navoiy xalqaro aeroportida logistika markazi xizmatlari muntazam ravishda amalga oshirildi. Mazkur aeroport xizmatlaridan g`arbning yirik yuk tashuvchi kompaniyalari foydalanmoqda.

Chipta narxlarida o`zgarish bormi?

Chiptalarni onlayn tarzda yoki aeroport va Uzbekistan Airways Sales (avvalgi havo aloqalari bosh agentligi) aviakassalaridan karantin qoidalariga amal qilgan holda sotib olish mumkin.

“Uzbekistan Airways” vakilining ma`lumotiga ko`ra chipta narxlarida o`zgarish bor. Chipta narxlari o`rta hisobda 10 foizga qimmatlashgan. Bu pandemiya bilan bog`liq emas. Qish mavsumida odatda aviaqatnovlar kamligi sababli chiptalar arzonlashadi. Bahor va yoz mavsumlarida qatnovlar ko`payib narxlar o`zgaradi, deydi kompaniya vakili.


Hozirda chipta narxlari quyidagicha:

Toshkent-Nukus 810 000 so`m;
Toshkent- Termiz 680 000 so`m;
Toshkent – Urganch 760 000 so`m;
 

Boshqa yangiliklar