AsosiyJamiyat

FARZAND SALOMATLIGI PUL BILAN O`LChANMAYDI: Bolangizni gepatit A ga qarshi emlatdingizmi?

“Farzandimni bu yil maktabga beraman. Maktab ma`muriyati farzandimga gepatit Aga qarshi emlash shart ekanligini ma`lum qilishdi. Milliy emlash taqvimiga kiritilmagan ushbu vaksinaning amalga oshirilishini talab qilish qanchalik to`g`ri? Shu haqida ma`lumot bersangiz”

N.G`ozieva, Toshkent sh.

Bizning mamlakatimiz virusli gepatit tarqalish ehtimoli yuqori bo`lgan endemik hududlardan sanaladi. Istaymizmi-yo`qmi barcha gigiena qoidalariga rioya qilgan taqdirimizda ham Gepatit A kasalligidan hech birimiz himoyalanmaganmiz.

Virusli Gepatit A tarqalish darajasiga  ko`ra, boshqa gepatit turlari ichida birinchi o`rinni (70%) egallaydi. Bugun yurtimiz ta`lim muassasalarida qabul jarayoni kechmoqda. Tahririyatimizga yo`llangan bu savol farzandini ta`lim muassasasiga joylayotgan barcha ota-onalarni o`ylantirishi  tabiiy.

Shu kabi savollarga javob olish, ushbu kasallikning kelib chiqish sabablari va uning oldi olish yo`llari haqida ma`lumot olish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi Sanitariya, epidemiologiya nazorati markazi boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Dilorom TURSUNOVAGA murojaat qildik.  (FOTOSI BOR)

“IFLOS QO`LLAR” KASALLIGI

Gepatit A - bu iflos qo`llar kasalligi. Endemik hududda ekanligimiz sababli barcha sanitariya gigiena qoidalariga rioya qilgan taqdirimizda ham har 3-4 yilda ushbu kasallik epidemik jihatdan tarqalish xususiyatiga ega. Oldini olishning bugungi kundagi birdan bir yo`li bu vaksinasiya.

Emlash jadvalida nima sababdan Gepatit A ga qarshi vaksina kiritilmagan?

Z.Xusanova, Toshkent sh.

Yurtimizda bo`g`ma, qoqshol, poleomielit, meningit, ko`kyo`tal, qizamiq, qizilcha, gepatit V kabi kasalliklarga qarshi vaksinalarning hammasi majburiy emlash tizimiga kiritilgan. Nima uchun? Sababi bu kasalga chalingan bollalarda kasallikning oqibati aksariyat hollarda o`lim bilan yakunlanadi. Virusli gepatit A bilan kasallanish yuqori bo`lgani bilan o`lim ko`rsatkichi past. Bu kasallik surunkali ko`rinishga  o`tadi. Gepatit A ga qarshi vaksina juda qimmat, chunki bu tavsiyaviy  vaksinalar turiga kiradi, shu sababli ushbu vaksina  majburiy emlash ro`yxatiga  qo`shilmagan.

FAKT

O`zbekistonda Gepatit A ga qarshi emlash ishlari o`tgan yildan beri amalga oshirilmoqda. O`tgan yilning o`zida respublikamizda 105 mingdan ortiq bola ushbu kasallika qarshi emlandi. Buning natijasida Gepatit A bilan kasallanish 15% kamaydi.

Kasallikning asorati qanday?

Asoratlar yaqin vaqt ichida bilinmasa ham bir necha yildan keyin albatta chiqadi.

  • Jigar xastaliklari (sirroz);
  • Surunkali formaga o`tishi
  • Doimiy parhez;
  • Jigardagi og`riq.

Nima qilish kerak?

Maktablarda, maktabgacha ta`lim muassasalarida, oromgohlarda bolalarga ko`pincha  qo`llarini yuvmasdan ovqatlanishadi, yuvilmagan eguliklarni  iste`mol qilishadi. Virusli gepatit bilan zararlangan oziq-ovqatlar, pashshalarning ko`payishi ham ushbu kasallik kelib chiqishining bir omili sanaladi.

Kasallikka chalingan inson albatta bir umrga nosog`lomlikni tashhislagan bo`ladi. Uning oldini olish uchun esa albatta ota-onalar o`rtasida  tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Shundagina har bir ota-ona farzandini bu kasallikka qarshi albatta emlatish lozimligini o`zlari tushunib etadi.

Inkubasion davri qancha?

Kasallikning inkubasion davri ya`ni yashirin davri 25-35 kunni tashkil qiladi. O`z-o`zidan kelib chiqadiki, ushbu kunlar ichida kasal bilan muloqotda bo`lgan barcha ushbu virusni yuqtirib olishi mumkin.

Necha yoshdan emlanadi?

Ushbu kasallik asosan 2 dan 14 yoshgacha bo`lgan bolalar orasida keng tarqalgan. Emlash ishlari 2 yoshdan amalga oshirilishi mumkin.

Gepatit A qaysi mavsumda tarqaladi?

Yoz mavsumi kasallik eng ko`p tarqaladigan palla sanaladi. Lekin kasallikning inkubasion davri 35 kun bo`lganligi sababli kasallik sentyabr oxiridan boshlanib qishgacha davom etishi mumkin. Shu sababli sentyabr oyigacha ota-onalar farzandlarini emlatib olsak ayni muddao bo`lardi.

Vaksinalar ishonchlimi?

Har bir yurtimizga kirib kelayotgan vaksina Davlat sertifikatini oladi, Sog`liqni saqlash vazirligining tekshiruvidan o`tadi.

FAKT

Vaksina bilan emlangan bola 15 yilga Gepatit A kasalligidan himoyalanadi.

Kimlarni emlash  mumkin emas?

Virusli gepatit A bilan kasallanib bo`lganlar emlanmaydi, boshqa qarshi ko`rsatmalar yo`q.

Raqam

O`tgan yili “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi davomida  xayriya tariqasida  nogiron, kam ta`minlangan oilalarning 50 ming nafar farzandi  ushbu kasallikka qarshi tekin emlandi.

100 MING SO`MGA 1,5 MILLIONLIK HALOVAT

Kasallikni darhol aniqlash juda qiyin, 35 kungacha bemor oramizda sog`lomday yurishi, unda faqat sariqlik paydo bo`lgandagina bilinishi mumkin. Bemorda ham u bilan aloqada bo`lganlarda ham kasallikni aniqlash uchun ikki marotaba laboratoriya tekshiruvi amalga oshiriladi.

Bola kasal bo`lgach, ota yoki ona ishdan qoladi. Kasallik belgilari avj olib ketmasligi uchun kamida 18 kun davolanishi kerak. Har kuni shifoxonaga borib kelish ota-onaga ma`lum miqdorda harajat va tashvish olib keladi.

Olti oygacha bola dispanser hisobida turadi. Olti oy davomida laboratoriya tahlillarini topshirib yurishi va shifokor nazoratida bo`lishi lozim.

Bola bir oygacha maktabga bormaydi. Ta`lim muassasasi esa 35 kunga karantin qilinadi. Bola bilan aloqada bo`lgan barcha bolalar ham tekshiruvdan o`tkazish lozim bo`ladi.

XULOSA O`RNIDA

Maktab va maktabgacha ta`lim muasasalari rahbarlari masalaning shu tomonlarini o`ylab ota-onalardan farzandloarni emlash talab qilishadi. Bu majburiymas, biroq bu ishni ota-onalar bilan tushuntirish ishlarini olib borgan holda amalga oshirish kerak.

Ayrim mamlakatlarda   bola boshqa bolaga  virus yoki mikrob yuqtirsa, uning ota-onasiga katta jarima solinadi. Bizda bunday narsa yo`q. Bugun mamlakatimizda bola 13 xil vaksinani davlat hisobidan olyapti. Ulardan loaqal bittasini ota-ona o`z hisobidan farzandi uchun amalga oshirsa, o`ziga ham davlatga ham yordam qilgan bo`lardi.

Fakt:

Har yili 50 ming nafardan ziyod 14 yoshgacha bo`lgan bolalar gepatit A bilan kasallanadi

Kasallik etkazadigan iqtisodiy zarar

Raqam (o`rtacha)

SSV tomonidan yo`naltiriladigan to`g`ridan to`g`ri tibbiy harajatlar

465 000 so`m

To`g`ridan to`g`ri notibbiy harajatlar (transport, ota-onaning bolani yo`qlashga ketadigan summalari)

250 000 so`m

To`g`ridan-to`g`ri yo`naltirilmagan harajatlar (oilaning ishga bormaganligi oqibatida)

75 000 so`m

Birgini virusli Gepatit A kasalligining o`rtacha qiymati

790 000 so`m

Laylo RUSTAMOVA 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar