“Toshshahartransxizmat” Aksiyadorlik kompaniyasi “Toshkent tramvayi” Unitar korxonasiga tegishli 13-sonli tramvay yo`nalishining qisqartirilishi to`g`risidagi ma`lumot berdi.
“Toshshahartransxizmat” AK joriy yilning 1-avgustidan e`tiboran Qo`yliq markazidan TTZgacha bo`lgan yo`nalishda qatnovchi 13 tramvayning “Toshkent” vokzalidan TTZgacha bo`lgan qismini qisqartirilayotganini ma`lum qiladi.
Yo`nalishning umumiy uzunligi 21,6 kilometrni tashkil etib, Traktorsozlar mavzesidan Yuzrobot, Mirzo-Ulug`bek, Feruza ko`chalari orqali, Kichik xalqa yo`liga chiqib, Shimoliy vokzalgacha, so`ng Mehrjon ko`chasi bo`ylab Farg`ona yo`li ko`chasidan Qo`yliq markazigacha bo`lgan 21,6 kilometr oraliqda harakatlanadi.
Mutaxassislar tomonidan ko`p bora o`rganishlar natijasida mazkur yo`nalishning aynan qisqartirilayotgan qismining ham harakat xavfsizligi, ham korxonalarning iqtisodiy samaradorligi va boshqa omillar qiyoslab chiqildi.
Birinchidan, ushbu yo`nalish Toshkent shahrini Toshkent viloyatining tog`li tumanlari bilan bog`lovchi yildan-yilga transport oqimi kuchayib borayotgan yo`nalish hisoblanadi. Ochig`i, ushbu yo`nalishda ayniqsa, shanba-yakshanba kunlari hamda kunning ayni tig`iz paytida harakatlanish tobora qiyinlashib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Qolaversa, ushbu yo`nalishda Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Qibray, Bo`stonliq tumanlari bo`yicha katta yo`lning rekonstruksiya qilinishi, kengayishi ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Birgina misol, tramvay yo`lining olib tashlanishi Yuzrabot, «Feruza», «Mirzo Ulugbek» va «Taraqqiyot» ko`chalaridagi qatnov yo`lini kengaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu kengayish qariyb 10 metrni tashkil qilmoqda, bu esa mazkur yo`ldagi harakatning ancha engillashuviga olib kelishi shubhasiz.
Qibray, Chirchiq, Bo`stonliq, Oqtoshga har kuni qatnab ishga borib keladigan qanchadan qancha kishilar uchun yo`lning torligi, qish-qirovli , qolaversa jazirama kunlarda qanchalik noqulayliklar tug`diradi. Mirzo Ulug`bek ko`chasida olib boriladigan ishlar natijasida 8 polosali tezyurar yo`l paydo bo`ladi.
Masalaning iqtisodiy omillarini.
Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga avtobus, metro va tramvaylarda transport xizmat ko`rsatilar ekan, ularning har birining o`z tannarxi, harajatlar va daromadlar qiyoslanadi. Transport turiga qarab yo`lovchi tashish harajatlari tramvaylarda avtobuslardagiga nisbatan 1,5 barobar ortiq, ya`ni tramvayda bitta yo`lovchi tashish uchun qilinadigan harajatlar 2400 so`mdan ko`pdir. Hozir amalda bo`lgan yo`lovchi tashish tarifi 1000 so`mligini hisobga olganda, harajatlar 2,4 barobarni tashkil qilayotgani ham e`tiborga moliq faktdir.
Yana bir jiddiy omil borki, bu poytaxtimizda ishlab chiqarish, sanoat tobora rivoj topayotgan hududlarda aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda faoliyatimizni kuchaytirishimizni talab etayotganidir.
Misol uchun, sobiq Toshkent Aviasiya zavodining hududida bugungi kunda 7-8 ming nafardan ortiq yangi ish o`rinlari yaratilib, minglab hamshaharlarimiz bu erda faoliyat ko`rsatishmoqda. Yoki Toshkent Motor zavodini zonasini olaylik. Hozir bu sanoat hududida qariyb o`n mingga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritishmoqda.
Ushbu real talab va ehtiyojni hisobga olgan holda poytaxtimizda yangi tramvay yo`llarini qurish va mavjudlarini o`zgartirish (demontaj qilish) bo`yicha ham jadal ishlar olib borilayotganini ta`kidlashimiz joiz.
Jumladan, “Taraqqiyot” ko`chasidan “Ohongaron” shossesigacha 3,0 kilometrlik yangi tramvay yo`lini qurish va uni Aviasozlar bekatidan “Rohat” bekatigacha mavjud bo`lgan 5,0 kilometrlik tramvay yo`li bilan ulash shular jumlasidandir.
13 – sonli tramvay yo`nalishining qisqartirilishi munosabati bilan yo`nalishlardagi yo`lovchilar oqimi o`rganildi. Yo`lovchilarning talabini qondirish maqsadida qisqartirilayotgan yo`nalish qismiga transport xizmati ko`rsatish maqsadida yangi 14-sonli “TTZ – Toshkent vokzali” avtobus yo`nalishi tashkil qilindi. Yo`nalishda “Mercedes- Benz Low Floor” rusumli 12 ta avtobus 7-8 minutli interval bilan harakatlanib, aholiga xizmat ko`rsatmoqda.
Bundan tashqari, bugungi kunda 13-sonli tramvay yo`nalishini takrorlovchi quyidagi 8 ta avtobus yo`nalishi mavjud:
“1 A” yo`nalishida 10 ta avtobus harakatlanib, A.Yugnakiy mavzesidan Markaziy univermaggacha (SUM) bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“16 A” yo`nalishida 10 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Toshkent vokzaligacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“17 A” yo`nalishida 13 ta avtobus harakatlanib, A.Yugnakiy mavzesidan Chorsu savdo markazigacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“24 A” yo`nalishida 12 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Yunusobod 6 mavzegacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“83 A” yo`nalishida 8 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 6 mavzesidan Oqqo`rg`on dahasigacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“96 A” yo`nalishida 9 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 9 mavzesidan Istiqlol ko`chasigacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“110 A” yo`nalishida 9 ta avtobus harakatlanib, Traktorsozlar mavzesidan Qo`yliq 9 mavzesigacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi;
“129 A” yo`nalishida 11 ta avtobus harakatlanib, Yunusobod 17 mavzesidan Aviasozlar bozorigacha bo`lgan oraliqda xizmat ko`rsatadi.
13-tramvay qatnovining bir qismi olib tashlanishi hamshaharlarimizga katta noqulaylik tug`dirmasligi uchun barcha choralar ko`riladi. Shuningdek, kompaniya mazkur yo`nalishda hali o`rganishlarni davom ettiradi va talab va ehtiyojlarni ro`yobga chiqarib boraveradi.





