AsosiyJamiyat

Xitoyda yosh matematiklarimiz muvaffaqiyat qozonishdi

Joriy yilning 27-31-iyul kunlari Xitoyning Chanchun shahrida bo`lib o`tgan matematika bo`yicha xalqaro musobaqada yurtimiz jamoasi ishtirok etib, unda ikki nafar o`quvchi kumush medalga va umumjamoa hisobida esa ikkinchi o`ringa sazovor bo`lishdi.
Mazkur nufuzli tadbirda jahonning 29 ta davlatidan 600 nafardan ortiq iqtidorli o`quvchilar ishtirok etdi. Musobaqada vakillarimizning munosib ishtirokini ta`minlash uchun “Bilimlar bellashuvi” musobaqasining tuman(shahar) bosqichida 1-5-o`rinlarni egallagan 300 nafardan ortiq 6-8-sinf o`quvchilari orasida 2 bosqichli tanlov o`tkazildi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati.

Natijada 4 nafar iqtidorli o`quvchilardan iborat terma jamoa shakllantirildi. Jumladan, Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on shahridagi 17-sonli ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabining 8-sinf o`quvchisi To`raev Jahongir, Buxoro viloyati Qorako`l tumani 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktab-internati 8-sinf o`quvchisi Abbos Sayliev, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri 2-sonli ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktab-internati 7-sinf o`quvchisi Saydali Murodullaev, Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanidagi 50-sonli ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabi o`quvchisi Robert Chestnovlarni tayyorlash maqsadida bir oy mobaynida olimlar ishtirokida maxsus mashg`ulotlar tashkil etildi.

Mashg`ulotlarda o`quvchilarga murakkabligi yuqori bo`lgan algebra, geometriya, sonlar nazariyasi, matematik mantiq, kombinatorika va to`plamlar nazariyasiga oid masalalarni yakka tartibda va jamoa tarkibida echishning eng ilg`or usullari o`rgatildi.

    Boshqa yangiliklar