AsosiyJamiyat

Media-festival eng munosiblarni taqdirladi

O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to`rt yilligi oldidan 2015 yilning 21 avgust kuni poytaxtning “Lotte City Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasida VIII “Ozod yurt to`lqinlari” an`anaviy media-festivali g`oliblarini taqdirlash marosi bo`lib o`tdi.

Tadbir O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Media-festivalni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov ochib berdi.

MEDIA SOHADA ASRLARGA TATIYDIGAN IShLAR QILINDI

Svetlana Ortiqova, senator (hakamalar hay`ati a`zosi):

— Men ushbu festivalda sakkizinchi marotaba hakamlar a`zosi sifatida qatnashyapman. 24 yil ichida bizning media soha shu qadar rivojlanganidan, bu sohada asrlarga tatigulik ishlar qilinganidan va bu jarayonga yoshlar o`z hissasini qo`shayotganligidan juda xursandman. Bugun islohotlar islohot uchun emas balki inson manfaati va huquqi uchun xizmat qilayotgani va mana shu islohotlarga oz bo`lsada barchamizni hissamiz borligidan mamnunman. Fursatdan foydalanib, hammamizni kirib kelayotgan bayram bilan tabriklayman!

SO`Z G`OLIBLARGA

“O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag`ishlangan eng yaxshi dastur” nominasiyasida Elektron OAVMAning Yoshlar telestudiyasi g`olib bo`ldi.  ??? Baxtiyor Safarov:

— Ochig`ini aytganda nominasiyaning o`zi yosh ijodkorlarni hayajonga soldi chunki mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng islohotlar qolaversa bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatini amaldagi vazifasini matbuotda aynan yoshlar tili  bilan yoritish juda katta mas`uliyatli ish. “Yoshlar” studiyasi ijodkorlari mana shunday mas`uliyatli ishni uddasidan chiqishga baholi qudrat harakat qilyapti. Bu mukofot yosh ijodkorlarga davlatimiz tomonidan berilayotgan katta e`tibordan dalolat.

“Mening yurtim” telekanali “Eng yaxshi media loyiha” nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Tlekanal direktori Nazira Maqsudova:

Aytish mumkinki, o`tgan davr mobaynida ayniqsa so`nggi yillarda OAVni liberallashtirish, so`z erkinligini ta`minlashga qaratilgan qator huquqiy chora tadbirlar amalga oshirildi va mana shu imkoniyatlar zamirida “Mening yurtim” telekanali barpo bo`ldi deyish mumkin. Albatta yosh telekanalning samarali faoliyat olib borishida ham mana shu imkoniyatlar yordam berdi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Aytish joizki, media sohaga kirib kelganiga ko`p bo`lmagan, jamoasining aksariyatini yoshlar tashkil qilgan bo`lsa-da, lekin uzoq va katta maqsadlarni ko`zlagan telekanalimiz bu ishonchni oqlaydi!

“Samarqand-STV” telekanali “Eng yaxshi telestansiya” nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Telekanal direktori Ulug`bek Ahmedov:

— Men ushbu nominasiyada g`olib bo`lishni juda istagandim. Ayni damda hakamlar tomonidan eng yaxshi deya e`tirof etilganimimzdan g`urur va faxrga to`lib toshyapman. Biz bunga munosib harakat qildik deb o`ylayman. Ishonch va tanlov uchun barchaga rahmat.

“Oriat FM radiostansiyasi “Eng yaxshi radiostansiya” nominasiyasi g`olibi. Radiostansiya rahbari Baxtiyor Usmonov:

— Mustaqillik bayramimiz arafasida topshirilgan ushbu mukofotni olganimizdan quvonchimiz cheksiz. Bu nafaqat “Oriat FM” radiosining, balki barcha radiostansiyalarning yutug`i deb hisoblayman. Sababi biz barcha radiostansiyalarning faoliyatini kuzatib, o`rganib boramiz va o`z ustimizda tinmay ishlashimiz natijasida ish sifatimiz ham oshib boradi.

G`olib va sovrindorlarga festival statuetkasi, diplom va sovg`alar topshirildi. Tadbir doirasida «Mening yurtim – mening faxrim» ijtimoiy aksiyasi g`oliblari ham taqdirlandi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi tomonidan ajratilgan davlat grantlari sohiblariga sertifikatlar topshirildi. 

 

    Boshqa yangiliklar