O`zbekistonda “So`nggi qo`ng`iroq” 25 may kuni soat 08:30 da onlayn boshlanadi

Jamiyat 23.05.2020, 07:27
O`zbekistonda “So`nggi qo`ng`iroq” 25 may kuni soat 08:30 da onlayn boshlanadi

O`zbekistonda “So`nggi qo`ng`iroq”ning onlayn-translyasiyasi tashkil etiladi. Bu haqda uzreport nashri  xabar qildi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan umumta`lim maktablari o`quvchilari uchun darslar onlayn tarzda o`tkazilmoqda. Karantin talablariga ko`ra bu yil maktablarda “So`nggi qo`ng`iroq” tadbirlari o`tkazilmaydigan bo`ldi. Bu esa bitiruvchilarning kayfiyatiga salbiy ta`sir etishi mumkin. Chunki maktab bilan xayrlashuv tadbiri bir umr insonning xotirasida saqlanib qoladigan holatlardan biridir.

O`quvchilarning kayfiyatini ko`tarish va ularga yoqimli xotiralar taqdim etish maqsadida Uzreport TV, Xalq ta`limi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda “So`nggi qo`ng`iroq” onlayn loyihasini tashkil qilishga qaror qildi.

“So`nggi qo`ng`iroq” onlayn tadbirida maktab direktorlari, o`qituvchilar va ota-onalar bitiruvchilarni bayram bilan onlayn tarzda tabriklashadi. Shuningdek, bitiruvchilarning o`zlari ham jonli efirda o`z do`stlari va ustozlariga tilaklar bildirish imkoniga ega bo`lishadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi o`z postlarida #bitiruvchi2020online xeshtegidan foydalangan holda har bir inson ushbu bayramga qo`shilishi mumkin.

Va albatta tadbir nihoyasida so`nggi qo`ng`iroq jiringlab, “Xayr, maktabim” qo`shig`i birgalikda kuylanadi.

“So`nggi qo`ng`iroq - bitiruvchilar va ularning oilalari doimo orziqib kutadigan an`anadir. Mavjud vaziyat tufayli biz o`quvchilarni qo`llab-quvvatlashga qaror qildik, shu sababli, mazkur tadbirni onlayn ravishda tashkil etmoqdamiz. Umid qilamizki, bu tadbir maktab o`quvchilari uchun an`anaviy bayramning ajoyib muqobili bo`lib, katta hayotga qadam qo`yayotgan yoshlarga pozitiv kayfiyat baxsh etadi”, - dedi  Uzreport TV bosh muharriri birinchi o`rinbosari Alisher Azimov.

Tadbirni 25 may kuni soat 08:30 da Uzreport TV da hamda telekanalning Facebook (https://www.facebook.com/uzreport.tv/) va YouTube (https://www.youtube.com/user/uzreport/)dagi sahifalari orqali jonli efirda tomosha qilish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1