Kuni kecha “O`rikzor“ savdo majmuasi MChJda jami 789 nafar fuqarodan surtmalar olingan. Tahlil natijalariga ko`ra, mazkur savdo majmuasidagi oziq-ovqat do`konida sotuvchi bo`lib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Bu haqda SSV xabar qildi.
Ayni paytda ushbu bemor bilan muloqotda bo`lgan barcha fuqarolar o`rnatilgan tartibda qat`iy karantin kuzatuviga olindi.
Shunga ko`ra, “O`rikzor” savdo majmuasida epidemiologik surishtiruv ishlarini o`tkazish hamda kasallik tarqalishining oldini olish, bozorda epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish hamda ta`mirlash, sanitar tozalash va zararsizlantirish ishlarini o`tkazish maqsadida tuman hokimligi bilan kelishilgan holda, bozor ma`muriyati tomonidan savdo majmuasi faoliyati vaqtincha to`xtatildi.
Bozorda epidemiologik surishtiruv ishlari yakunlanib, sanitar tozalash va zararsizlantirish tadbirlari amalga oshirilgach, majmua yana o`z faoliyatini davom ettiradi.
Ko`rinib turibdiki, ayni kunlarda aholi orasida hamon koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmoqda. Ushbu holatlardan ayon bo`layaptiki, yon atrofimizda koronavirusga chalinganlar yo`qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu esa har qanday vaziyatda ham koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan xushyor bo`lishimizni, ehtiyot choralarini doimiy ko`rishimizni talab etadi.
Shu sababli Sog`liqni saqlash vazirligi xalqimizdan, yana bir bor, ba`zi joylarda berilgan erkinlikni noto`g`ri tushunmasdan karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, ya`ni qo`l berib yoki quchoqlashib ko`rishishdan tiyilish, jamoat joylarida to`planmaslik, ayniqsa, yoshlarni zaruratsiz ko`chaga chiqmasligini, qo`llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat`iy amal qilishlarini, shuningdek, muborak Ramazon hayiti bayramini uyda, oila davrasida bayramona kayfiyatda nishonlashlarini so`raydi. Bu o`zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun juda muhim, deyiladi rasmiy xabarda.