AsosiyJamiyat

Bir oylik harbiy xizmat: to`lovlar, shartlar va tartiblardan xabardor bo`ling!

“Mening o`g`lim davlat tashkilotida ishlaydi. Yaqinda unga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o`tash uchun chaqiruv qog`ozi keldi. Ayting-chi, agar o`g`lim safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o`taydigan bo`lsa, uning ish joyi va oylik maoshi saqlanadimi?”

N.Sh. Toshkent sh.

Ma`lumki, yurtimizda qonunchilikka asosan muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat, kontrakt bo`yicha harbiy xizmat, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o`tagan rezervchilar xizmatini o`tash belgilangan. Qonunchilikda belgilangan va sanab o`tilgan to`rt turdagi harbiy xizmat orasidan aynan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o`tash borasida mushtariylar yuqoridagi kabi so`rovlar bilan tahririyatga ham murojaat qilishmoqda. Mavzu yuzasidan yuqoridagi kabi savollarga javob olish uchun O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo`lim boshlig`i Husniddin SAIDOVGA murojaat qildik.

QAChON VA KIMLAR ChAQIRILADI?

Fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yiliga bir marta — fevral-mart oylarida o`tkaziladi. Muddatli harbiy xizmatni o`tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo`lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar.

QANDAY TAShKIL ETILADI?

  • Fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmati O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 fevraldagi 99-sonli “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o`tash tartibi to`g`risida Nizom”ga muvofiq tashkil qilinadi va amalga oshiriladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy prinsip asosida oylik yig`inlar tarzida tashkil etiladi hamda chaqiriluvchilar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob varag`iga pul badallari kiritilishini nazarda tutadi.

ESLATIB O`TAMIZ:

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o`tagan fuqarolar 27 yoshga to`lganlaridan keyin Qurolli Kuchlar rezervi tarkibiga o`tkaziladilar.

ISh JOYI VA MAOShI SAQLANADIMI?

— “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasi talablariga muvofiq, harbiy yig`inlar davrida, shu jumladan ular o`tkaziladigan joyga borish va u erdan qaytib kelish davrida harbiy xizmatga majburlarning ish joyi (lavozimi) va ish joyidagi o`rtacha ish haqi saqlanib qoladi. Mazkur shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi chaqiruv qog`ozi olingan kundan harbiy yig`inlardan qaytilgunga qadar bo`lgan davrda ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin emas, korxona, muassasa va tashkilot tugatilgan hollar bundan mustasno.

NEChA YoShGAChA BORISh MUMKIN?

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan va belgilangan pul badalini Moliya vazirligining Maxsus hisob raqamiga to`liq hajmda to`lagan shaxslar oylik o`quv yig`inlariga jalb etiladi.

HUDUDNI TANLASh MUMKINMI?

Xizmat o`taladigan hududni fuqaroning o`zi tanlash huquqi bormi?

U.Nizamov, Samarqand sh.

  • Harbiy yig`inlar Mudofaa vazirligining harbiy qismlari bazasida hududiy prinsip asosida tashkil etiladi. Bu o`rinda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisiga tanlash huquqi berilmaydi.

TO`LOV QANChA?

Bugungi kunda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat uchun to`lov qanchani tashkil etadi? Ushbu pulni to`lash qanday usulda amalga oshirilishi mumkin?

S.Nishonov, Toshkent sh.

  • Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati safiga olingan shaxslar tomonidan to`lanadigan pul badallari miqdori O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qarori bilan eng kam oylik ish haqining 27,5 baravari etib belgilangan bo`lib, bugungi kunda 3 256 000 so`mni tashkil qiladi.

Pul badallari safarbarlik chaqiruvi rezerviga olingan shaxslar tomonidan xizmatga olingandan keyin bir yil mobaynida aksiyadorlik tijorat Xalq banki muassasalari orqali to`lanadi. Tomonlarning kelishuviga ko`ra to`lov to`liq hajmda bir yo`la yohud bosqichma-bosqich naqd pul to`lash, pul o`tkazish yoki plastik kartochkalar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Agar navbatdagi to`lovni to`lash paytida tasdiqlangan eng kam oylik ish haqi miqdori o`zgarsa, u holda badalning qolgan qismi eng kam oylik ish haqining yangidan belgilangan miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

TO`LASA-Yu, VAQTIDA ChAQIRILMASA-ChI?

To`lovni amalga oshirgan, ammo vaqtida xizmatga bora olmagan yoxud chaqirilmagan holatlarda qanday yo`l tutiladi?

X.Umirov, Toshkent sh.

  • Fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati pul badallarini to`liq to`lashlari, shuningdek xizmat mobaynida oylik harbiy yig`indan o`tishlari safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o`tash shartlari hisoblanadi.

Pul badallarni to`liq amalga oshirgan shaxslar yigirma etti yoshga to`lgunga qadar bir oylik harbiy yig`inga jalb etilishlari mumkin.

XORIJGA DOIMIY KETAYoTGANLARGA TALAB QANDAY?

Xorijga doimiy yashashga chiqib ketayotganlardan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat talab qilinishi to`g`rimi?

S.Naimov, Toshkent sh.

  • Doimiy yashash uchun xorijga chiqib ketayotgan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o`tayotgan fuqarolar Moliya vazirligi Maxsus hisob raqamiga pul badalini to`liq to`laganlaridan so`ng harbiy hisobdan chiqariladi.

 

Laylo RUSTAMOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar