Bir filmni suratga olishda yuzdan ortiq ijodkor ishtirok etishi mumkin, ammo bitta filmni millionlab insonlar ko`radi. Bugun kino ishlab chiqarayotganlar tomoshabin tarbiyasiga qanchalar ma`sul? Ular o`z farzandi to`kin yashashini o`ylab, millionlab bolalar tarbiyasi ustida tavakkal qilmayaptimikin? Shu va boshqa savollar yuzasidan kino sohasining taniqli tashkilotchilaridan biri A`zam Ishoqovning fikrlari bilan qiziqdik.
“Mustafoqul Boltaboevning senariysi bo`lsa, yaxshi…”
Badiiy kengashga kelgan har bir ssenariyni kengash a`zolari xolis baholashi shart. Lekin afsuski ba`zida muallif taniqli bo`lsa bir fikr, yangi, notanish ijodkor bo`lsa boshqa fikr aytish hollari ham uchrab turadi. Bu salbiy illatni Zulfiqor Musoqov o`zining “Osmondagi bolalar” filmida Mustafoqul Boltaboev obrazi orqali yaxshi ochib bergan. Ya`ni “Mustafoqul Boltaboevning ssenariysi bo`lsa yaxshi, 10-sinf bolasining ssenariysi bo`lsa yomon”...
Ba`zida badiiy kengash a`zolari asarni xolis baholashlari uchun asar muallifini ko`rsatmay bergan vaqtlarimiz ham bo`lgan.
“Xususiy studiyada ishlaydiganlarda hadik bor”
Xususiy studiyada faoliyat yuritayotgan rejissyorlarning ko`pchiligi bilan suhbatlashganman. Ularning hammasi hamkorlikka intiladi, ammo hammasida hadik bor, g`oyani o`g`irlatib qo`yishdan qo`rqishadi. Menga ssenariyni olib kelib, ko`rib bering, g`oya yaxshi bo`lsa ishni davom ettiramiz, ma`qul bo`lmasa boshqatdan yozamiz, deyishardi. Xususiy studiya ijodkorlari olib kelgan ssenariy haqiqatdan ham original mavzuda bo`lsa, byudjet mablag`i hisobidan film yaratishga ruxsat berilgan. Masalan, “Telba”, “Dada”, “Begonalar”, “Sevginator” singari filmlar xususiy studiya ijodkorlari tomonidan suratga olishga mo`ljallanayotgan edi, ammo davlat byudjeti hisobidan suratga olishga imkon berildi. Akbar Bekturdievning xususiy studiyada ishlagan “Jazo” filmini ko`rib unga ham byudjetdan film suratga olishga imkon berilgan. Mirmaqsud Oxunov xususiy studiyalarda ishlab yurgan edi, unga ham “9 oy” nomli filmni ishonib topshirdik. Umid Hamdamovning “Nazar” nomli filmini ko`rib, unga “Onaginam orzusi” nomli film rejissyorligini berdik. Xususiy studiya ijodkorlarini qo`llab- quvvatlash, moddiy va ma`naviy ko`mak berish albatta o`z samarasini berishiga ishonaman
“Ular osmondan tushganmi?”
Xususiy film, xususiy studiyalarga bepisand, mensimay munosabatda bo`lmaslik kerak. Xususiy studiyalarda ham o`zimizning milliy kadrlar ishlaydi, osmondan tushgan yoki chet davlatdan kelgan kadrlar yo`q. Statistik ma`lumotlarga qaraganda, dunyo kino tarixida shu vaqtgacha yaratilgan filmlarning faqatgina 5 foizi tomoshabinlar e`tiboriga sazovor bo`lib, san`at asari darajasida baholanar ekan. Qolgan 95 foizi esa faqat tomoshabin kayfiyatiga moslab ishlangan, unga yoqishi kerak bo`lgan o`tkinchi filmlar ekan. Bugun ko`rib, ertaga unutiladigan bunday filmlar faqat bizda emas butun dunyoda bor.
“Operator o`z ishini qilsin!”
“Nega ayrim operatorlar rejissyorlik qilmoqda, operatorlar o`z ishini qilsin” degan e`tiroz quloqqa chalinadi. Bu noto`g`ri tanqid, chunki operator bugungi zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanib filmda qanday maxsus jiholar, maxsus effektlardan foydalanishni biladi...
“Nima uchun viloyatlarda mumkin-u, poytaxtda mumkin emas”
Bir paytlar Andijondagi “Shoh Bobur” nomli xususiy studiya hamamizga yaxshi tanish “Parvona” spektakli asosida film suratga olgan. Filmda juda bachkana, sayoz lavhalar ko`p bo`lgani, O`tkuriyning sochlarini orqaga turmaklab o`rilgan qiyofadagi takasaltang qilib ko`rsatishgani, shilqimlik sahnalarini ham anchayin bo`rttirib tasvirlangani unga “viloyatlarda ko`rsatilsa bo`ladi, poytaxtda ko`rsatish mumkin emas”, degan xulosa berilgan. “Nima uchun viloyatlarda mumkin-u, poytaxtda mumkin emas”, deya film ijodkorlari e`tiroz bildirishgan. Ancha tortishuv, munozaralardan so`ng filmni poytaxda ham ko`rsatishga ruxsat etilgan. Ammo tomoshabin baribir bu filmni tomosha qilmadi, chunki past saviyadagi filmning bahosini didli tomoshabin o`zi berdi va bu “asar” o`z-o`zidan yo`q bo`lib ketdi. Darhaqiqat, vaqt-buyuk hakam.
“Bayram” studiyasi sudga bergandi”
“Bayram” studiyasida professional ssenariy muallifi V.Gusev ssenariysi asosida, taniqli rejissyor Farid Davletshin tomonidan “Yangi yil oqshomi” nomli film suratga olingan. Baxtiyor Zokirov va boshqa bir qancha professional aktyorlar rol ijro etishgan. Film yuqori professional darajada suratga olingan, uning badiiy saviyasiga e`tiroz bo`lmagan. Ammo unda ko`rsatilgan voqea, qahramonlar xarakteri bizning mintalitetga yod. Shuning uchun bu filmning namoyishlariga ham boshida ruxsat berilmagan. Buning sababi: filmda uch erkak yangi yil oqshomida dam olgani dala hovliga uch jonon bilan borishadi. Shu jononlarning bittasi o`sha erkaklardan birining qizi bo`lib chiqadi. Uyning bir chetida qiz begona erkak bilan behayolik qilib turibdi, boshqa burchakda esa ota qiziga qarab, nima qilsang qilaver, faqat onangga aytmasang bo`ldi, qabilida ish ko`ryapti. Axir shu bizning urf-odatlarimiga to`g`ri keladimi?!
Studiya vakillarining to`xtovsiz shikoyatlari va murojaatlari ko`rib chiqilib, istisno tariqasida namoyishga ruxsat berildi. Ammo bu filmni ham bizning tomoshabin qabul qilmadi va studiya rahbarlarining o`zi filmni ekranlardan olib tashlashni iltimos qildi.
“Andoza filmlar ko`paymasin”
Tan olish kerak: xususiy studiyalarning aksariyatida g`oya topishga, ijod qilishga erinish oqibatida chet el filmlaridan andoza ko`chirib, mavzularni o`zlashtirish, qaysidir ma`noda “o`g`irlik” qilish urfga kirgan. Ammo chet el filmini xuddi o`zidek ko`chirib qo`ysa, xalqimiz uchun mavzusi tushunarsiz, filmning o`zi keraksiz bo`lib qolmaydimi?
Nozim To`laxo`jaev rejissyorlik qilgan, bosh rollarda Bobur Yo`ldoshev, Ra`no Shodieva, Murod Rajabovalar o`ynagan “Maktub” nomli film mavzusi koreys filmidan olingani barchaga ma`lum. Bu filmni yaratilishiga ham boshida shubha bilan qaralgan edi. Keyin haqiqatdan ham film milliylashtirilgani, mavzuga ko`r-ko`rona yondoshilmaganini ko`rib ruxsat berdik.
Rejissyorlar nima deydi?
Yuqorida tilga olingan savollarni xususiy studiyalarda faoliyat yuritayotgan rejissyorlarga ham berib ko`rdik. Ularning javoblari bilan tanishing.
“Husayn Boyqaro rolini o`ynardim”
Sanjar Shodiev, aktyor, kinorejissyor:
—Shu vaqtgacha beshta, “Ortiqcha omad”, “Etti haykal bitta kal”, “Qalb ko`zi”, “Jigarbandim” va “Qora mushuk” filmlarni suratga olganman.
— Ushbu filmlardan qay biri tomoshabinni ma`naviy tarbiyasiga, estetik didiga ijobiy ta`sir qilib, yoshlarni ezgulikka yaxshi ishlar qilishga undaydi deb o`ylaysiz?
—Filmlarimning barchasi tarbiyaviy ahamiyatga ega.
—Rejissyorlik ma`lumotingiz bormi?
—Men Toshkent Davlat San`at institutining Drama rejissyorligi va kino fakultetini tugatganman.
— Agar imkoniyat bo`lganda qanday filmga qo`l urar edingiz?
֫—Bolaligimdan tarixiy film olsam deb orzu qilardim, Masalan, Husayn Boyqaro haqida film olib, uning obrazini o`zim ijro etish orzusidaman.
— Bunga nima to`sqinlik qilyapti?
— Tarixiy film olish uchun anchagina katta mablag` kerak bo`ladi. Chunki tarixni qayta jonlantirishning o`zi bo`lmaydi. Bu ishga minglab odamlarni jalb qilish lozim.
—Mablag` etarli bo`lsa, tarixiy filmni qoniqarli darajada suratga olishga ko`zingiz etadimi?
—Albatta ko`zim etadi. Sababi bizning eng katta yutug`imiz —tarixiy shaharlar dekorasiyasini yasab, million-million pul sarflab o`tirmaymiz. Bizda tarixiy manzilgohlar etarli, faqatgina kuchli jamoa va mablag` bo`lsa bo`lgani.
“Ko`pchilik bachkana deydi-yu...”
Javlon Shodmonov, aktyor, kinorejissyor:
—Shu vaqtgacha 18 ta film yaratganman (!)
— Ular orasida xalq sevib, qayta-qayta talab qilib tomosha qiladigani bormi?
—Menimcha har bir ijodkorga o`zi yaratgan asarlarining barchasi yaxshi tuyulishi mumkin. Bunga tomoshabin baho beradi. Ba`zilar xafa qilmaslik uchun ham zo`r chiqibdi deyishadi...
— Filmlaringizdan qaysi birini tarbiyaviy ahamiyatga ega deb ayta olasiz?
—“Enagalar”, “Xazina operasiyasi” , “Super qaynona”... Agar tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lmasa “O`zbekkino” badiiy kengashdan o`tkazmasligini hamma yaxshi biladi.
—Rejissyor sifatida o`zingizga qanday imkoniyatlar berilishini xohlardingiz?
—Agar mablag` tomonidan imkoniyatim cheklanmaganda tarixiy filmga qo`l urardim. Katta mablag` bo`lganda professional operator, ssenarist, montajchilarni jalb qilardim.
—Bu muammoni faqat mablag` hal qiladi deb o`ylaysizmi?
— O`zimni prafessional rejissyor deb bilmayman, kerak bo`lsa yonimga o`zimdan kuchli deb bilgan biror rejissyorni badiiy rahbar qilib olar edim..
Tahririyatdan: Haqiqatdan ham xususiy studiya ijodkorlarini “xususiy” deb cheklamaslik kerak. Aksincha ular qilayotgan ishni yaxshi tomonga yo`naltirib, yo`l-yo`riq ko`rsatib, maslahatlar berish lozim. Lekin xususiy studiyada faoliyat yuritadagin rejissyorlarning javoblari ham bizni o`ylantirdi. Nahotki, yaxshi tarixiy filmlar ishlash uchun mablag`ning o`zi kifoya qilsa? Ularga bu savolni berayotganimizda, “o`zim tarixiy asarlarni qayta-qayta o`qib, o`rganaman, tarixchi olimlarni hamkorlikka chaqiraman, dunyoning eng mashhur tarixiy filmlari rejissyorlari faoliyatini o`rganib, shundan keyingina yaxshi film yaratish uchun ishga kirishaman” degan javobni kutgandik. Lekin ular barcha muammoni faqat mablag` hal qiladi degan javobni berishdi...