AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: "Zamon o`zgaryapti, lekin monopol korxonalar o`zgara olmayapti"

'Shavkat Mirziyoev: "Zamon o`zgaryapti, lekin monopol korxonalar o`zgara olmayapti"'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, bugun Prezident Shavkat Mirziyoev iqtisodiyotda raqobat muhitini ta`minlash va iste`molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat`iy o`tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

"Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo`la oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan o`zlari olib ketishadi", – dedi Prezident.

Bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Lekin bir qator yo`nalishlarda raqobat muhiti shakllanib bo`lgan 19 xil mahsulot va xizmatlar bo`yicha 70 ta korxonani monopolistlar reestrdan chiqarish mumkin.

" Raqobat bo`lmasa, sifat bo`lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o`zgaryapti, lekin monopol korxonalar o`zgara olmayapti. Qat`iy choralar ko`rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib bo`lsa, ishlaydi, bo`lmasa – ketadi", – dedi Prezident.

 Yig`ilishda korxonalarning bozordagi monopol mavqeini aniqlash bo`yicha yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish, monopol tovarlar ro`yxatini keskin qisqartirishga qaratilgan “yo`l xaritasi” tasdiqlash vazifasi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar