O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 iyundagi PP-1985–sonli “Angren-Pop elektrlashtirilgan temiryo`l liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida bunyod etilayotgan mazkur elektrlashtirilgan temiryo`l liniyasi eng avvalo mamlakatda yagona milliy temiryo`l tarmog`i yaratish imkonini beradi. Ushbu temir yo`lning uzinligi 123,1 kmni tashkil etadi. Loyihaning tonneldan tashqari qismida, ya`ni tonnelning ikkita portaliga olib boruvchi yo`nalishda ko`zda tutilgan barcha ishlar mustaqillik bayrami arafasida to`liq tugatildi. Ushbu xudduda 43 mln.kub.metr tuproq ishlari hamda 16,3 mln.kub.metr burg`ulash-portlatish ishlari to`liq amalga oshirildi.
Loyiha asosida 285 ta sun`iy inshoat va cuv o`tkazish quvurlari, umumiy uzunligi 2,1 km tashkil etuvchi 13 temir yo`l ko`prik, 6 ta yo`l o`tkazgich(puteprovod), 4 ta temiryo`l stansiyasi, 4 ta ra`ezd va 2 ta vokzal qurib bitkazildi, deya xabar beradi "O`zbekiston temir yo`llari" AJ axborot xizmati.
Loyiha doirasida 19,1 km uzunlikda qurilayotgan temir yo`l tonnelining asosiy stvolini qazish ishlari g`arbiy va sharqiy portallar va qo`shimcha uchta yonbosh shaxtalarda olib borilishi natijasida bugungi kungacha 14 kilometr uzunlikda tonnel qazildi. Qo`shimcha tonnelda esa qariyb 15 kilometr uzunlikda qazish ishlari bajarildi. Shuningdek, 10 km dan oshiq pardozlash ishlari amalga oshirildi.
Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi qurilishi loyihasi murakkabligi bo`yicha dunyo miqyosida birinchi 8 talikdan, loyiha doirasida qurilayotgan tonnel uzunligi bo`yicha birinchi 13 talikdan joy olgan.
Albatta bu mo``jizaviy, ulkan qurilish kelgusida nafaqat yurtimiz yoki Markaziy Osiyo davlatlarini, balki dunyoning yirik mamlakatlaridan biri hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasini Evropa Ittifoqidagi boshqa mamlakatlar bilan temir yo`l orqali hamkorlik o`rnatishida ham muhim o`rin tutadi. Eng asosiysi yuklarni tashish bir necha barobar arzonlashadi, ularni etkazib berish muddati esa ikki marta qisqaradi.