Avval xabar qilganimizdek, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.
Qaror bilan, quyidagilar joriy yilning 1 SENTYaBRIGA QADAR UZAYTIRILDI:
*xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga berilgan viza muddatlari;
*muayyan muddatga vizasiz va elektron viza bilan kirish huquqiga ega xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning O`zbekiston Respublikasida bo`lish muddati;
* O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilib, 2020 yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan xorijiy avtotransport vositalarini respublikamiz hududidan qaytarib olib chiqish muddati.
Shaxsiy avtotransport vositalarining viloyatlararo harakatlanishiga yo`l qo`yilmasligi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno) talabi ustidan qat`iy nazorat o`rnatish belgilandi.
Dehqon bozorlari va aholi gavjum bo`ladigan hududlarda karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladigan ko`ngilli guruhlar tuzish topshirildi.
Shuningdek, Mamlakatda karantin va undan keyingi davrda fuqarolarning respublika bo`ylab sayohat qilishlari yuzasidan vaqtinchalik tartib hamda Karantin davrida sanatoriylar va bolalar yozgi oromgohlarining faoliyatini tashkil etish bo`yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlandi.