So`nggi kunlarda Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari qatori Toshkent shahridan ham aholi orasida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni kun sayin oshib bormoqda. Kasallanish ko`rsatkichlari shu tempda o`sib borsa epidemiya avj olish xavfi yanada kuchayadi. Bu esa aholidan yanada hushyor bo`lib, o`zi va yaqinlari salomatligiga o`ta mas`uliyat bilan yondashishlarini talab etmoqda.
Jumladan, bugun, hozirga qadar poytaxtimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan 11 nafar fuqaroning barchasi aholi orasidan kasallikni yuqtirib olgan. Misol uchun, bir necha kun oldin “O`rikzor” savdo majmuasi sotuvchisi koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edik. Endilikda uning o`g`li va qizida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu haqda SSV `abar qildi.
Ayni vaziyatdan ma`lum bo`ladiki, har bir fuqaro, avvalo, karantin qoidalariga qat`iy rioya etishlari lozim. Zarurat yuzasidan ko`chaga chiqib, uyga kelganingizda ham qo`lingizni sovunlab, qayta-qayta yuving. Qo`l berib salomlashish, quchoq ochib ko`rishishdan tiyilish lozim. Eng muhimi, ijtimoiy masofani saqlang, jamoat va odamlar to`plangan joylardan uzoqroq yuring, doimo tibbiy niqob taqib yurishni unutmang. Aks holda nafaqat o`zingiz, balki oila a`zolaringiz, yaqinlaringiz sog`ligini ham jiddiy xavf ostida qoldirishingiz mumkin.
Shu kunlarda mamlakatimiz shifokorlari 726 nafar koronavirusga chalingan bemorlar hayoti uchun tunu kun kurashmoqdalar. Afsuski, bemorlarning 7 nafari og`ir, 1 nafari esa o`ta og`ir ahvolda.