«YaNA KUZ. YaNA OG`RIQ. YaNA REVMATIZM»

Salomatlik 21.09.2015, 16:38
«YaNA KUZ. YaNA OG`RIQ. YaNA REVMATIZM»

«Havo sovishi bilan oyoqlarim zirqirab og`riy boshlaydi. Ikki yil avval menga revmatizm tashhisini qo`yishgan. Zarur muolajalarni olgan bo`lsamda, haligacha bu bezovtalikdan qutulolmayman. Revmatizmning mavsumiy xurujlari haqida ma`lumot bersangiz»

Sharif Namozov, Toshkent viloyati

Revmatizm va boshqa revmatik turdagi kasalliklar deyarli har kuz-qish mavsumida xuruj qiladi. Agar profilaktika choralari bajarilmagan bo`lsa, albatta. Xo`sh, mavsumiy og`riq xurujlarining sababi nima? Oldini olsa bo`ladimi? Bu haqda tibbiyot fanlari nomzodi Muzaffar ALIBEKOV tanishtiradi.

Tomog`ingiz og`rimayaptimi?

Revmatizm biriktiruvchi to`qimaning yallig`lanishi bilan kechadigan kasallik bo`lgani bois deyarli organizmdagi barcha biriktiruvchi to`qimalarga shikast etkazadi. Xastalik yurak qon-tomir bo`g`imlarini ham zararlaydi. Asta-sekinlik bilan rivojlanishi oxir – oqibat turli asoratlarga olib kelishi mumkin. Kuz mavsumining boshi havo haroratining keskin o`zgarishi (ertalab salqin, peshinda issiq, kechki tomon yana salqinlashadi) bilan kechadi. Bu esa immuniteti sust bo`lganlarda shamollashga moyillikni oshiradi. Qarabsizki, ilgari revmatizm bilan og`rigan bemor tonzillit, faringit, limfadenit bilan kasallansa  xastalik huruji uzoq kuttirmasligi mumkin. Shu bilan birga sovuqsirash, oyoqdan zax o`tishi, vaqtida ovqatlanmaslik, terlab turib suv ichish ham o`tkir revmatik kasalliklarga sabab bo`lishi ehtimoldan holi emas.

  • Revmatizm bilan og`rigan bemorlarning 60-100 % da bo`g`im og`riqlari kuzatiladi.
  • Surunkali tonzillit revmatizmning asoratli kechishi hamda yurakka ziyon etkazishi bilan xarakterlanadi.

Mavsumiy o`zgarishlar qanday boshlanadi?

Revmatizm deganda bo`g`im og`riqlarini tasavvur qilishga odatlanganimiz bois bezovtaliklar shugina xolos deb o`ylaymiz. Aslida esa xastalikning xuruj qilishi subfebril tana haroratining ko`tarilishi, og`riq berayotgan bo`g`im terisida shish va mayda qizarish kuzatilishi bilan ham kechadi. Shu bilan birga umumiy  ahvolning yomonlashishi, holsizlik, ko`p terlash, tez charchab qolish kabilar ham kasallik avj olayotganidan darak beradi. Agar sizda revmatizm bo`lsa, ushbu belgilarni nazardan qochirmay, albatta, mutaxassisga murojaat qiling. Og`riqsizlantiruvchi preparatlardan foydalanishingiz mumkin. Biroq bu vaqtinchalik chora, xolos.

Shifokor qabuligacha...

Elka, tizza yoki tirsak bo`g`imlaridagi og`riq tobora kuchayib borayapti. Shifokor huzuriga borguncha sabringizni sinovdan o`tkazmay, yaxshisi og`riqsizlantiruvchi, agar tana harorati ko`tarilgan bo`lsa, isitma tushiruvchi preparatlarni qabul qiling. So`ng bu haqda shifokorga aytishni unutmang. Qo`ni-qo`shnilardan eshitgan usullar: issiq grelka qo`yish, tanani qizdiruvchi mazlar bilan uqalash kabilardan foydalanmaganingiz ma`qul. Axir ular qanday karomat ko`rsatishini bilmaysizku.

Chorasi nima?

Avvalo sog`ligingizni asrang! Zero revmatizm bilan hazillashish yaramaydi. O`tkazib yuborilsa (hatto bu xastalik xurujlari bo`lsa ham) yurakka zarba berishi mumkin. Kasallik yirik bo`g`imlarni zararlantirgani bois og`riq qo`l va oyoq kaftida, tizza, boldir, tovon, tirsak va elka bo`g`imlariga ko`chib yuradi. Uchuvchan xarakterdagi shishli og`riq bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Agar sizda revmatizm xuruji kuzatilayotgan bo`lsa, dastlab uni keltirib chiqargan sabab o`rganiladi. Ehtimol bu shamollash yoki angina ta`siridandir. Shunday bo`lgan taqdirda antibiotik dori vositalari  buyurilib, bo`g`imlardagi yallig`lanish uchun nesteroid preparatlar belgilanadi. Bu paytda kam kaloriyali maxsulotlar bilan oziqlanish, ko`proq suyuqlik ichish foydadan holi emas. Bo`g`imdagi bezovtalikni engillashtirish uchun og`riqsizlantiruvchi maz, gel va surtmalardan ham foydalanish mumkin.

Oldini olsa bo`ladimi?

Revmatizm xurujlaridan himoyalanish uchun shamollamaslikka harakat qiling. Karies, tomoq og`riqlari, oyoqdan zax o`tishiga yo`l qo`ymang. Vaqtida ovqatlaning, dam oling. Immunitetingiz zaiflashib qolmasin. Zarur hollarda organizmni quvvatlantirish uchun vitamin preparatlarini qabul qilish mumkin. Bu ishni shifokor ko`rsatmasi bilan bajarish kerakligini unutmang.

Farzandlaringizdan ehtiyot bo`ling!

Revmatizm 3 yoshgacha bo`lgan bolalarda uchramaydi. Biroq tez-tez takrorlanuvchi tomoq og`riqlari, xususan angina keyinchalik revmatizmga sabab bo`lishi mumkin. Agar farzandingiz yo`tal, yutinganda og`riq bo`lishi yoki ovoz bo`g`ilishidan shikoyat qilsa, albatta, muolajani boshlang. Dori – darmonlar bilan organizmini zaharlashni istamayman desangiz, uy sharoitida moychechak yoki marmarak damlamasi bilan og`izni g`arg`ara qildiring. Antiseptik vositalar yordamida tomoqqa ishlov berish ham mumkin.

TARVUZNI ENGU, DANAGINI YIG`IB QO`YING!

Issiqda chanqoqbosdi bo`lgan  bu poliz ekinini mazza qilib iste`mol qilamiz. Sharbati ham tanni yayratadi. Buyrak va jigarni tozalashda shifobaxsh xususiyatga ega bo`lgan tarvuzning danagi ham buni qarangki foydali ekan. Tabobatda aynan tarvuz danagi yordamida bir qancha muolajalar o`tkaziladi.

Gijjalarga qarshi vosita

Tarvuz urug`idagi to`qimalar oshqozon ichak faoliyatini normallashtiradi. Urug`ni butunligicha iste`mol qilish kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shu bois urug`ni avval quritib, so`ng xovonchada maydalab olish zarur. Organizmni parazitlardan tozalashda maydalangan urug`ni yarim stakan sutga aralashtirib, har kuni erta nahorda ichiladi. Muolaja bir hafta davom ettiriladi.

Choyga aralashtirib...

Urug` tarkibidagi sitrullin moddasi antioksidant sifatida ta`sir qiladi. Kechki payt yanchilgan urug`ni (1 choy qoshiq) choyga aralashtirib damlaysiz-da, oz-ozdan qabul qilasiz. Bunda urug` aralashtirilgan choy qon tomirlarini kengaytirib, arterial qon bosimini me`yorlashtirishga yordam beradi.

Buyrakka ham foydasi  bor

Olimlarning ta`kidlashicha, tarvuz urug`i buyrak va siydik yo`llarini tozalashda yordam beradi. Kutilgan natijaga erishish uchun maydalangan urug`ni choyga aralashtirib, kun davomida 3-4 marta ichish lozim. Peshob ajralishini faollashtirishi organizmga ta`sir berayotganini bildiradi.

Erkaklar uchun...

Ma`lumotlarga ko`ra quritilgan tarvuz urug`ini muntazam iste`mol qilish xotirani mustahkamlaydi. Farzand ko`rish istagida bo`lgan erkaklar jinsiy quvvatni oshirish uchun maydalangan tarvuz urug`ini 1 choy qoshiqdan nahorga iste`mol qilishlari tavsiya etiladi.

Tarvuz urug`i tarkibida magniy, temir, marganes, kalsiy va A,V,S vitaminlari bor.

Salatga qo`shilsa...

Asabiylik, hazm faoliyatining buzilishi, buyrak va jigar xastaliklarida maydalangan tarvuz urug`ini sabzavotli salatga qo`shib iste`mol qilish tavsiya etiladi. Bodring, pomidor va ko`katlardan tayyorlangan (mayonezsiz) salatga 1 choy qoshiq maydalangan tarvuz urug`i kifoya.

Kosmetologiyada

Tarvuz urug`ni maydalab, ozroq suv yoki sut bilan aralashtiring-da, yuzga niqob o`rnida foydalaning. Urug` tarkibida yog` kislotalari bo`lib, quruqlashgan terini yumshatadi. Muolajani bir haftada ikki marta bajarish mumkin.

N. Ilyosova tayyorladi

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1