AsosiyJamiyat

SSV: Kitoblik bemor koronavirusdan vafot etmadi

'SSV: Kitoblik bemor koronavirusdan vafot etmadi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, Kitob tumanida koronavirus bilan  kasallanganlik bo`yicha gumonlanish holati qayd etilgan edi. Shu sabab, kecha, 31 may kuni tuman hududi to`liq karantinga olingani aytib o`tilgandi. Shundan so`ng, ijtimoiy tarmoqlarda hududda koronavirus qayd etilgan odamning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Ayni paytda SSVning ma`lum qilishicha, kasallikda gumonlanuvchi, 1963 yilda tug`ilgan fuqaro N.O. Kitob tumanida yashagan. U 2020 yil 10 aprel kuni Qozog`iston Respublikasiga ketgan. Joriy yil 9 may kuni yurtimizga qaytib kelgan va Toshkent viloyatidagi Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingan. 10 may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo`limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan.

O`tkazilgan diagnostik taxlillardan so`ng bemorda “Covid-19” infeksiyasi aniqlanmagan. Bundan avval  u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangan.

Shu yilning 29 may kuni  Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasiga olingan tahlil unda gumon natijani qayd etgani bois surtma namunalari 31 may kuni o`rnatilgan tartibga ko`ra, maxsus laboratoriyaga yuborilgan. Shu kuni u o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan vafot etgan.  

Koronavirusga gumonlangan marhum bilan muloqotda bo`lgan barcha fuqarolar ehtiyot chorasi sifatida stasionar va uy karantiniga olingan. Kitob tuman hududi to`liq karantinga yopilgan.  

Shu yilning 31 may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga ko`ra,  marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. Demak, bir oy ichida o`tkazilgan  ikkinchi bor diagnostik taxlil ham N.O. “Covid-19” infeksiyasiga chalinmaganligini ko`rsatgan. U yondosh kasalliklar tufayli vafot etganligi ma`lum bo`ldi. Shunday bo`lsa-da, qat`iy sanitariya qoidalariga ko`ra, karantinga olingan fuqarolar ma`lum muddat tibbiy kuzatuvda bo`lishadi.

    Boshqa yangiliklar