1

Qaynisinglisini pichoqlagan kuyov 13 yilga qamaldi

Jinoyat 02.06.2020, 18:55
Qaynisinglisini pichoqlagan kuyov 13 yilga qamaldi

Oila – muqaddas dargoh. Ammo u chinni kabi nafis, faqat mehr-muhabbat, vafo, oqibat bilan asrab-avaylash mumkin. Aks holda arzimagan tosh ham unga darz etkazadi. Aniq.uz saytida jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudi raisi o`rinbosari Abdumannon Shaydoevning ibratli sud ocherki e`lon etilibdi. Sizga uni to`lig`icha havola etmoqchimiz.

Fazilat (ism-shariflar o`zgartirilgan) singil sifatida opasining taqdiri uchun qayg`urishi, kuyib-yonishi boshiga falokat olib kelib, hayotiga nuqta qo`yilishini, bir paytlar sevimli bo`lgan pochchasining qo`lida o`lim topishini xayoliga ham keltirmagan edi. Shavkat ham jinoyatchi, degan nom olib, oilasi parokanda bo`lishini, qaynsinglisining qotiliga aylanib, panjara ortiga yo`l olishini tasavvur  qilmagandi. Ammo hayot har doim ham biz o`ylagandek davom etmaskan, bir oniylik qahr-g`azab, jahl insonning hayotini tubdan o`zgartirib, uning oqimini boshqa tomonga burib yuborishga qodir ekan...

"Hammasi uchun javob beradi..."

Shavkat Rahimov turmush o`rtog`i Anora Rahimova bilan so`nggi paytlarda umuman kelishmay qoldi. Arzimagan narsadan chiqqan tushunmovchilik katta janjalga aylanib ketdi. Shundan keyin Anora bolalarini etakladi-yu, qizlik uyiga ketib qoldi. Shavkat mazkur nizoda o`zini emas, negadir qaynisinglisi Fazilatni aybladi. Agar u opasining tarafini olib, janjalga aralashmaganda, "Er-xotinning urushi, doka ro`molning qurishi" deganlaridek Anora bilan allaqachon yarashib olgan bo`lardi. "Hammasiga Fazilat aybdor... Agar u bo`lmaganda, Anora ketib qolmasdi. Hammasi uchun Fazilat javob beradi, undan alamimni olaman..." degan fikr uning aqlini o`tmaslashtirdi, ko`nglida qasd olishdek xusumatni uyg`otdi...

"Oyog`im singanligi sababli ishlay olmadim"

Sudda so`ralganda Shavkat Rahimov o`z aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagicha ko`rsatma berdi:

– Anora bilan 2007 yilning dekabr oyida qonuniy nikohdan o`tib, turmush qurganmiz. Turmushimiz davomida ikki nafar farzandli bo`ldik. Keyingi paytlarda o`zaro kelisha olmaganligimiz sababli u 2015 yilning mart oyida meni sudga berdi. Shundan keyin fuqarolik ishlari bo`yicha G`ijduvon tumanlararo sudining buyrug`iga asosan, ikki nafar farzandim uchun aliment to`lay boshladim. Keyinchalik turmush o`rtog`im bilan o`zaro yarashib, munosabatlarimiz yaxshilangani uchun yana birgalikda yashay boshladik. 

Oilamni boqish uchun Toshkent shahrining turli joylarida ijarada yashab, mardikorlik qildim. 2019 yilning 14 fevral kuni Toshkentda mast holatda oyog`imni sindirib oldim. Bu voqeadan so`ng hech qaerda ishlamasdan, uyda yotib qoldim. Pul topmaganim sababli Anora bilan o`rtamizda yana janjal boshlandi. U bolalarni olib, onasining uyiga ketib qoldi.

 Men bir necha marotaba borib, uni olib kelishga harakat qildim, ammo qaynona-qaynotam yarashishimizga qarshilik qilishdi. Qaynisinglim Fazilat esa "O`zi sening avloding buzuq, erkak emassan...", deb haqorat qildi.Bu gap juda ko`nglimga og`ir botdi. 

Ertasi kuni tuman MIBdan qo`ng`iroq bo`ldi. Borsam, Anora bolalarning alimenti yuo`yicha murojaat qilgan ekan.U erga qo`shnim Ikrom bilan borgandim, qaytishda ikkalamiz oshxonaga kirib, ovqatlandik, spirtli ichimlik iste`mol qildik. Uyga qaytayotganda mast bo`lib qolgandim. Negadir miyamda Fazilatning haqoratli so`zlari aylanaverdi. Uyga kelib, oshxonadan pichoqni oldim-u, u ishlaydigan "Paynet" shaxobchasiga yo`l oldim. Uning yolg`iz qolishini, odamlarning chiqib ketishini kutdim. Hech kim qolmagandan keyin uning oldiga yaqinlashdim. Ammo Fazilat meni ko`rgan bo`lsa-da, ko`rmaslikka oldi. Uning mensimayotganligi battar jahlimni chiqardi. G`azabdan o`zimni boshqara olmay, pichoq bilan Fazilatga tashlandim va tanasining duch kelgan joyiga pichoq sanchdim. Fazilat hushini yo`qotdi, shu payt xonaga kirib qolgan odamlar bizni ajratish uchun ustimga turli buyumlarni uloqtirishdi. Shundan keyin o`zimga keldim. Ayni paytda qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman...

Hukm o`qildi

Shavkat Rahimov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topdi va unga shu modda bilan 13 (o`n uch) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.  Unga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o`zgarishsiz qoldirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1