AsosiySiyosat

Kambag`allik chegarasi va mezonlarini hisoblash usullari Toshloq tumani misolida sinovdan o`tkaziladi

Kambag`allik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash...

'Kambag`allik chegarasi va mezonlarini hisoblash usullari Toshloq tumani misolida sinovdan o`tkaziladi'ning rasmi

Kambag`allik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash usuli Farg`ona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan o`tkazilishi belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoev raisligida kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi. 

Biroq "4 ta hisoblash usuli" qanday ekaniga aniqlik kiritilmagan. 

Qayd etilishicha, joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambag`al aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 milliard dollar bo`lgan 206 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o`rni yaratish choralari belgilangan. 

Birinchi yarim yillikda 38 ming gektar erni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qo`shimcha 51 ming gektarni o`zlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini ta`minlash rejalashtirilgan. Bu erlarning 20 ming gektari kam ta`minlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, g`alladan bo`shaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-to`qimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish o`rni tashkil etiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan kam ta`minlangan 28 ming xonadonga naslli echki, 50 mingta oilaga parranda, 100 mingtasiga naslli quyon tarqatiladi.

Qurilish sohasidagi imkoniyatlar ko`rib chiqilar ekan, Inqirozga qarshi kurashishi jamg`armasidan ajratilgan 3,6 trillion so`m hisobidan bajariladigan qurilish-pudrat ishlariga 85 ming nafar odamni jalb qilish mumkinligi aytib o`tildi. 

Yig`ilishda aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Karantinning birinchi kunlaridan bu  borada zarur choralar ko`rilib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan edi.

Bugungi kunda boquvchisini yo`qotgan oilalar soni 155 ming, 5 nafardan ortiq farzandi bor kam ta`minlangan oilalar soni 81 ming, yolg`iz yashovchi keksalar 16 ming nafarni tashkil etmoqda. Lekin ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar ehtiyojmandlarga to`liq etib bormayotgan holatlar ham ko`p.

Shu bois Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga qo`shimcha ajratilgan 992 milliard so`m mablag`ni hamda “Saxovat va ko`mak” jamg`armasidagi 70 milliard so`m qoldiqni muhtoj oilalarga aniq va adolatli etkazish bo`yicha qat`iy topshiriq berildi.

Pandemiya davrida aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha qabul qilingan qarorlar doirasida yil yakuniga qadar qo`shimcha 235 mingdan ziyod oilaga moddiy yordam ajratilishi qayd etildi.

Foto: mytashkent.uz

    Boshqa yangiliklar