AsosiyJamiyat

Rossiya-Qozog`iston chegarasiga to`plangan 300 ga yaqin o`zbekistonlikning taqdiri haqida ma`lumot berildi

'Rossiya-Qozog`iston chegarasiga to`plangan 300 ga yaqin o`zbekistonlikning taqdiri haqida ma`lumot berildi'ning rasmi

Mamlakatimizning Rossiya va Qozog`istondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bergan ma`lumotga ko`ra, Rossiya-Qozog`iston chegarasi «Mashtakovo» nazorat-o`tkazish punkti yaqinida 300 ga yaqin O`zbekiston fuqarolari to`plangan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Mazkur masala mamlakatimizning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog`istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

TIV Operativ shtabi ushbu vaziyat to`g`risida ma`lumotni har tomonlama ko`rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga yubordi. Maxsus komissiya qarori to`g`risida alohida ma`lumot beriladi.

Faqat 25 maydan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 8 ta charter reysi tashkillashtirilganini eslatib o`tamiz. Hozirgi paytda Maxsus komissiya tomonidan Rossiyaning turli hududlaridan hamyurtlarimizni olib kelish uchun qo`shimcha charter reyslarini amalga oshirish masalasi ko`rib chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo`lib turgan fuqarolarimizdan «Mashtakovo» nazorat-o`tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog`iston davlatlararo chegarasini kesib o`tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo`lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat`iy rioya qilishlarini so`raymiz. Rossiyaning turli hududlaridagi shaharlariga charter reyslari tashkil qilish ustida ishlar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar