AsosiyJamiyat

Keyingi haftadan O`zbekistonda havo harorati 5-7 darajaga sovib, yog`ingarchiliklar kuzatiladi

Navbatdagi hafta avvalidan O`zbekistonning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg`irlar qayd etilib, havo harorati o`rtacha 5-7 darajaga pasayadi. Bu haqda O`zbekiston Gidrometeorologiya markazi xabar berdi.

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatilarida 3-5 oktyabr kunlari o`zgaruvchan ob-havo kuzatilib, ayrim tumanlarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi mumkin. 3-4 oktyabrdagi havo harorati kechasi 10-15, kunduzi 25-30 daraja atrofida bo`ladi. 5-6 oktyabrga kelib esa kechasi 7-12, kunduzi 18-23 darajagacha iliq bo`ladi. 
Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlarida ham taxminan shunday harorat kuzatiladi. Biroq sinoptiklar ushbu viloyatlarda yog`ingarchiliklar bo`lishini ma`lum qilmadi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham kelgusi hafta avvali yog`ingarchiliklarsiz o`tishi kutilmoqda. 3-5 oktyabrda havo harorati kechasi 10-15 daraja, kunduzi 25-30 daraja atrofida bo`ladi. 5-6 oktyabrdan esa kechasi 7-12, kunduzi 20-25 daraja atrofida bo`ladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 4-6 oktyabr kunlari kunduzgi harorat 15-20, kechkisi 5-10 darajaga qadar pastlashi kutilmoqda. 
Shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 5-6 oktyabrdagi havo harorati kunduzi 22-27, kechasi 8-13 daraja atrofida bo`lishi bashorat qilindi. Ushbu hududlarda yog`ingarchiliklar haqida xabar qilinmadi.
Mamlakatimizning tog`li hududlarida 3-5 oktyabr kunlari yog`ingarchiliklar ehtimoli baland. Harorat 3-4 oktyabr kechasi 7-12, kunduzi 17-22 daraja, 5-6 oktyabr kunlari esa kechasi 3-8, kunduzi 11-16 daraja atrofida iliq bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar