AsosiyJamiyat

Bugun Toshkentda "Ipak yo`lida turizm" xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi ish boshlaydi

Toshkent shahrida 5-7 oktyabr kunlari XXI "Ipak yo`lida turizm" xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi bo`lib o`tadi. Joriy yilda "Ipak yo`lida turizm - 2015" ekspozisiyalari zamonaviy O`zbekiston ko`rgazma kompleksining 2 ming kvadrat metrli 1- va 2- pavilonlari hamda yozgi ochiq maydonda namoyish etiladi.

Mazkur pavilonlarda etakchi sayyohlik firmalari, mehmonxona komplekslari, “O`zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo`limlari va turli mamlakatlarning sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi xususiy kompaniyalari o`z sayyohlik dasturlarini namoyish etishadi, deya xabar bermoqda “O`zbekturizm” MK matbuot xizmati.

Mazkur tadbirda 700dan ziyod kompaniyalar, jumladan, sayyohlik tashkilotlari, mehmon uylari, mehmonxona va mehmonxona tarmoqlari, aviakompaniyalar, Dominikan Respublikasi, Malayziya, Singapur, Qozog`iston, Tojikiston, BAA, Turkiya, Latviya, Slovakiya, Hindiston, Tailand, Turkmaniston, Fransiya, Xitoy, Ispaniya, Vetnam singari turli davlatlarning sug`urta kompaniyalari ishtirok etadi.

Ko`rgazma doirasida milliy sayyohlik mahsulotlarining professional xaridorlari uchun “Hosted Buyers” dasturi, V2V shaklidagi biznes-uchrashuv, Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Madaniy merosni saqlash va uning O`zbekiston turizmidagi ulushi” mavzusida Xalqaro konferensiya tashkil etiladi. 
Ma`lumot uchun, O`zbekistonda 7000 dan ziyod tarixiy, me`moriy va arxeologik obidalarga ega. Ularning ko`pchiligi Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo`qon va Toshkent shaharlarida joylashgan.

Ularning 140 tasi YuNESKO tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy yodgorliklar qatoriga kiritilgan.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1995 yildan buyon muntazam ravishda o`tkazib kelinayotgan "Ipak yo`lida turizm" nomli Toshkent xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi etuk mutaxassislar tomonidan ilg`or xalqaro tadbir sifatida baholanib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan e`tirof etildi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar