AsosiySIYOSAT

Shavkat Mirziyoev Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videomuzokara o`tkazdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 iyun kuni Evropa tiklanish va tar...

'Shavkat Mirziyoev Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videomuzokara o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 iyun kuni Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o`tkazdi. Bu haqd a Prezident.uz xabar berdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari O`zbekiston Respublikasining Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan munosabatlarida keyingi yillarda yuksak darajaga erishilgani va samarali o`zaro hamkorlik amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Yo`l xaritasi” va ETTBning O`zbekiston bo`yicha strategiyasi birgalikda amalga oshirilishi tufayli bugun ushbu bank mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlashga qaratilgan ustuvor dastur va loyihalarni ilgari surishda muhim sheriklardan biriga aylandi.

Bugungi kunda loyihalar portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, barcha ustuvor yo`nalishlarni qamrab olgan. Ajratilayotgan mablag`larning uchdan bir qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga, shu jumladan respublikada koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yo`naltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar bo`lgan yangi loyiha takliflarini ko`rib chiqmoqdalar.

Bank ekspertlari O`zbekistonda davlat-xususiy sherikligi, kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini isloh qilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bo`yicha qonun hujjatlari va strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ham faol ishtirok etdilar.

ETTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis o`z ishini boshlashi kutilmoqda.

Prezidentimiz hamkorlikning amaliy natijalari haqida so`z yuritar ekan, o`zaro ishonchni mustahkamlash va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo`shgan katta hissasi va bu borasidagi faol sa`y-harakatlari uchun Suma Chakrabartiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Etakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari bunday shakldagi uchrashuvning tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, bank O`zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yo`lini va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni har tomonlama, shu jumladan, loyihalar portfeli va moliyaviy-texnik ko`mak hajmini kengaytirish orqali qo`llab-quvvatlashda qat`iy ekanini ta`kidladi.

Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatimizda pandemiya keng yoyilishining oldini olish bo`yicha ko`rilgan kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Videomuloqot chog`ida o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko`rib chiqildi. ETTBning davlat korxonalarini transformasiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi ishtirokiga, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, ajratilgan kreditlarni samarali o`zlashtirish, biznesni, shu jumladan to`qimachilik tarmog`idagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida bo`lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023 yilda Samarqand shahrida ETTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o`tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko`rish borasida kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar