O`zbekiston dunyoda birinchilardan bo`lib tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etmoqda, deb xabar beradi O`zA.
O`ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasining tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Shahnoza Islomovaning so`zlariga ko`ra, ayni paytda mamlakat maishiy sektorida tabiiy gazdan foydalanuvchilarning 55 foizdan ortig`ida gazni hisoblash asboblari o`rnatilgan. Biroq, ma`lumotlar to`plashni boshqarish bo`yicha zamonaviy tizimning yo`qligi gazdan foydalanish va hisobga olishni samarali nazorat qilish imkonini bermaydi. Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyiha aynan ushbu dolzarb masalani hal qilishga qaratilgan.
Mazkur loyihani joriy qilishdan ko`zlangan maqsad, «zangori olov»dan foydalanishni aniq, ishonchli va to`liq hisobga olish, tabiiy gaz uzatishda talafotning oldini olish va kamaytirish, iste`molchilarning to`lov intizomini ta`minlash imkonini beradigan yangi elektron hisobga olish uskunalarini o`rnatish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Ayni paytda mutaxassislar poytaxtning Mirobod tumanida ushbu uskunalarni sinovdan o`tkazmoqda. Taxminlarga ko`ra, tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Toshkent shahri va viloyatida 2016 yilning oxiriga qadar joriy etiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida Toshkent shahri va viloyatida 1 milliondan ortiq hisoblagich o`rnatish ko`zda tutilgan. 2016—2017 yillarda tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlarida joriy etiladi. 2017—2018 yillarda esa Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida, 2020 yilning oxirigacha Qaraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim amaliyotga tatbiq etiladi. Mamlakat bo`yicha jami 3,5 millionga yaqin shunday hisoblagich o`rnatiladi.





