Bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlarida hukm surayotgan COVID-19 pandemiyasi davrida koronavirusning oldini olish uchun yuzma-yuz aloqani ma`lum miqdorda cheklash maqsadida respublikamizda ish va ta`lim tizimida yangi usullar joriy qilindi. Jumladan, IIV Malaka oshirish institutida ham virtual darslarni o`tkazish yo`lga qo`yilib, ayni kunlarda tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.
Eng muhimi, ushbu vaziyatning ta`limda ham afzallik taraflari ham kuzatilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining bevosita qo`llab-quvvatlashi natijasida vazirlik Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan qisqa davr mobaynida o`quv jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari vositalarini qo`llagan holda masofadan o`qitish tizimi joriy etildi.
Jumladan, yaqinda Institutda joriy etilgan onlayn va offlayn o`qitish platformasi yordamida xodimlar masofadan turib, o`z ish joyidan ajralmagan holda ta`lim olish imkoniyatiga ega bo`ldi. Tinglovchilarni masofadan o`qitish on-layn (video ma`ruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida o`tkazish) va off-layn (masofaviy ta`lim tizimidagi tegishli o`quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o`zlashtirish) shaklida amalga oshirish tartibi tatbiq etildi.
O`quv jarayoni “modul tizimi” asosida tashkil etilib, uni yagona maqsadga yo`naltirgan holda loyihalashtirish hamda kafolatlangan natijalarga erishishga qaratilgan. Barcha o`quv mashg`ulotlari amaliy yo`naltirilib, interfaol metodlar va zamonaviy innovasion pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq holda o`tkazilmoqda.
– Darhaqiqat, masofaviy ta`lim insonning mustaqil fikrlash, holatni baholash, xulosa va bashorat qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi, – deydi Institut Axborot-kommunikasiya texnologiyalari kafedrasi katta o`qituvchisi Umidjon Hamroqulov. – Masofaviy ta`limning yana bir afzalligi shundaki, unda tinglovchi o`ziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi mumkin. Aynan ushbu afzalliklar tufayli ushbu tizim hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan. Ko`pgina yirik korxonalar mutaxassislari malakasini oshirish yoki o`zgartirish uchun shu uslubdan foydalanilib, yiliga millionlab pul mablag`lari tejalmoqda.
Joriy etilgan onlayn va offlayn o`qitishni tashkil qilish uchun mo`ljallangan platformada barcha zarur elementlar yaratilgan. Xususan, ma`ruza, videodars, test, topshiriq, so`rovnoma, teskari aloqa va vebinar kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida platformani ijtimoiy tarmoqlar bilan integrasiyasi ham amalga oshirildi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan o`quv kurslarining o`quv dasturi, mashg`ulotlarni tasvirga olish jadvali, ma`ruzalar matni, har bir mavzu bo`yicha test va o`quv rejasi ishlab chiqilib, o`quv jarayoniga tatbiq etilgan.
Interaktiv ta`lim berish, masofaviy o`qitish platformalarining samaradorligi, elektron o`qitish materiallarini shakllantirish, o`quv siklining vazifalari va dizayni ishlab chiqildi. Tushunish va eslab qolish darajasini oshirishga yo`naltirilgan texnologiyalar qo`llanilib, samarali taqdimot, jumladan video taqdimot yaratish uchun zarur bo`lgan metodik va dasturiy ta`minot tanlab olindi.
Ayni kunlarda Institut professor-o`qituvchilari tomonidan yaratilgan materiallar asosida hududiy ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`limlari inspektorlarini masofadan o`qitish kurslari o`tkazilmoqda va xodimlar offlayn usulida masofadan turib o`qitilmoqda. Tinglovchilar o`ziga berilgan login va parol yordamida Institutning rasmiy veb-sayti orqali tizimda shaxsiy kabinetga hamda tizimdagi elektron resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ldilar.
O`quv jarayoni 4 ta modul asosida bir oy muddatga mo`ljallangan bo`lib, tinglovchilar real vaqt rejimida masofaviy ta`lim tizimidagi tegishli o`quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o`zlashtirmoqdalar.
Bunda tinglovchi dastavval kursni boshlash uchun kirish testini topshirish tizimi yo`lga qo`yilgan, mavzularni o`zlashtirib borishlari uchun mashqlar, testlar va boshqa topshiriqlar berilgan.
– Masofaviy ta`lim tinglovchi hamda o`qituvchilarning masofadan turib interfaol muloqot qilish imkonini beradi,
– deydi Institutning Qoraqalpog`iston Respublikasidagi filiali mas`ul xodimi, podpolkovnik Saparboy Allamberganov. – Endilikda o`quv jarayonlari zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar yordamida masofadan turib amalga oshirilyapti.
– Bugungi kunda ijtimoiy hayot shiddat bilan taraqqiy etmoqda. Ijtimoiy hayotning barcha sohalari kabi ichki ishlar idoralari tizimida ham xodimlarning bilimlarini oshirishda ilg`or innovasion axborot texnologiyalardan samarali foydalanish bugungi kunning talabiga aylandi, – deydi Namangan shahar IIOFMB Tashkiliy-tahlil bo`limi inspektori Azizbek Sulaymonov. – Bu esa zimmamizga yuksak ma`suliyatni yuklaydi. Masofadan o`qitishning afzalligi shundaki, endi xodim o`ziga qulay vaqtda va xattoki ishdan ajralmagan holda o`qiydi. Men ham o`zimga qulay vaqtda kurs materiallarini o`zlashtirayapman. Qolaversa, sarf-xarajatlar ham qisqardi.
Xulosa qilib aytganda, ta`lim tizimida zamonaviy innovasion texnologiyalarni qo`llash ham iqtisodiy, ham ijtimoiy samara beradi. Shu boisdan nazariy va uslubiy asoslarni rivojlantirib borish hamda zarur chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Bu borada IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan masofadan o`qitish tizimining tashkil etilishi nafaqat xodimlarni, balki rahbarlarni ham xizmatdan ajratmagan holda malaka oshirishlarini, amaliyotdagi yangilik va ilg`or tajribalarni tezkorlik bilan etkazish imkoniyatini yaratadi.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






