Barcha toifadagi davlat xizmatchilarining daromadlarini deklarasiya qilish bo`yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Bu haqda joriy yilning 22 mayidan 6 iyunigacha O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidagi “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonun loyihasida aytilgan.
Adliya vazirligining saytida ta`kidlashicha, ushbu loyiha muhokamaga qo`yilgach portalga qariyb 220 ta taklif va izoh kelib tushgan va qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans uyg`otgan.
Qayd etilishicha, mansabdor shaxslar va ularning oila a`zolari tomonidan xorijiy davlatlar banklarida hisob raqami ochish, xorijda qimmatbaho buyumlar saqlash va ko`chmas mulkka egalik qilish huquqi bilan bog`liq masalalarni qo`shimcha ravishda o`rganiladi.
Qonun loyihasini ishlab chiqqanlarning tushuntirishlaricha, loyihaning 3-moddasida ushbu qonun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a`zolari, O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha O`zbekiston Respublikasi davlat fuqarolik xizmatchilariga tadbiq etilishi belgilab qo`yilgan. Dunyo tajribasiga ko`ra, yuqorida sanab o`tilgan mansabdor shaxslar fuqarolik xizmatchilariga emas, siyosiy xizmatchilar toifasiga kiradi.






