AsosiyJamiyat

MIB: “Karantinda davlat mulkiga 1336 ta xiyonat aniqlandi”

'MIB: “Karantinda davlat mulkiga 1336 ta xiyonat aniqlandi”'ning rasmi

AChINARLISI, BUNDAY NOQONUNIY HOLATLARNING ASOSIY IShTIROKChISI PREZIDENT IShONCh BILDIRAYoTGAN TADBIRKORLAR...

Prezident Shavkat ­Mirziyoev raisligida 2020 yil 19 may kuni tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazilganidan barcha, xususan tadbirkorlarning xabari bor. Yig`ilishda ta`kidlanganidek, O`zbekistonda sartarosh, etikdo`z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o`zini o`zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig`idan ozod qilindi. 

“Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya”, — dedi Shavkat Mirziyoev.

Qolaversa, Prezidentimiz topshirig`iga ko`ra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib borilishi, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari to`g`risida hukumatga ma`lumot kiritishi belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan etarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini ko`rib chiqishi ham aytildi. Ammo tadbirkorlarning hammasi ham ana shunday qo`llab-quvvatlov va imtiyozlarni to`g`ri tushunayotgani yo`q va kerak bo`lsa, davlat mulkiga xiyonat qilib o`z manfaatini ustun qo`yayotganlar ham topilyapti... Quyida keltirilayotgan voqea tafsilotlari bunga yaqqol misol bo`la oladi. 

Yurtimizdagi pandemiya va karantin sharoitida tabiiy gazdan oqilona foydalanilishi lozimligi yuzasidan iste`molchilar, ayniqsa tabiiy gazdan foydalanishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub`ektlari bilan bevosita to`g`ridan-to`g`ri muloqot o`tkazilib, hatto ulardan tilxatlar ham olinib kelinayotgan bo`lsa-da, qing`ir ishga qo`l uradigan “tadbirkorlar” ham topilmoqda. Joriy yilning 2 may kuni Byuroning Quvasoy shahar bo`limi tezkor xodimlari tomonidan tungi reyd tadbirlarida tadbirkorlar davlat mulkidan o`g`rincha foydalangani fosh bo`ldi.

                                                   “24 MLN. 195,0 MING SO`M ZARAR ETKAZGAN” 

Farrux TOShPO`LATOV, Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari:

— Tekshiruv o`tkazish jarayonida Quvasoy shahar Bog`bon qishlog`ida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexi ko`zdan kechirildi. Korxona rahbari I.D. o`zini g`alati tutib, go`yoki hammasi joyida ekanini tushuntirishga urinishi shubha uyg`otdi. Shunda tadbirga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan tabiiy gaz hisoblagich uskunasi tekshirildi. Uning mexanik qismiga yashirin ravishda sim orqali tashqi ta`sir ko`rsatilib, hisoblagich to`xtatib qo`yilgani va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, mutaxassislar tomonidan qilingan hisob-kitoblarga ko`ra “tadbirkor” Quvasoy shahar gaz ta`minoti korxonasi manfaatlariga 24 mln. 195,0 ming so`m moddiy zarar etkazgani aniqlandi. 2020 yil 12 mayda ushbu zarar to`liq qoplandi.

                                                           MUTLAQO “BEPUL” ISTE`MOL OQIBATI

  — Shuningdek, Byuroning Farg`ona viloyat boshqarmasi va Quvasoy shahar bo`limi tezkor xodimlari tomonidan 2020 yil 7 may kuni tungi vaqtda tadbir o`tkazildi. Quvasoy shahar Do`stlik qishlog`ida joylashgan g`isht ishlab chiqarish zavodida tabiiy gazdan foydalanishning qonuniyligi o`rganilganida yuqoridagi kabi holat aniqlandi. Ya`ni, korxona rahbari S.I. gazni hisoblash uskunasi parrak qismiga sim joylab qo`yib hisoblagichni to`xtatib qo`ygan. G`isht ishlab chiqarishda tabiiy gazdan mutlaqo “bepul” asosda va noqonuniy foydalanib kelayotgani fosh etilgan. G`isht zavod rahbarining noqonuniy qilmishi davlatga 44 mln. 880 ming so`mga tushgan va mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Byuroning Quvasoy shahar bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

                                            “TA`MINOTChI 36 MLN. 383,9 MING SO`M ZARAR KO`RGAN”

— Xuddi shunday yana bir holat MIBning Olot tuman bo`limi xodimlari tomonidan Olot tumani “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig`ini “Bayot” qishlog`ida yashovchi X.Sh. xonadonida kuzatildi. U elektr hisoblagichni chetlab o`tib, umumiy ta`minotchi korxona manfaatlariga 36 mln. 383,9 ming so`m zarar etkazgani foydalanishdagi elektr tarmog`iga to`g`ridan-to`g`ri yashirincha ravishda ulangan. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani natijasida aniqlangan. Yashirin ulanmaga elektr tarmog`iga un ishlab chiqarish uskunasi (tegirmonlar)ga tegishli 2 dona 3 kVt.li, 1 dona 4 kVt.li, 1 dona 1,1 kVt.li hamda 2 dona 11 kVt.li elektr dvigatellarni, 2 dona 0,54 kVt.li muzlatgich, 1 dona 1,5 kVt.li elektr duxovka, 1 dona 1 kVt.li elektr choynak, 1 dona 1,1 kVt.li kondisioner va boshqa elektr jihozlari ulab foydalangani aniqlangan.

O`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida X.Sh.ga qonun talabi tushuntirildi. Etkazilgan 36,3 mln. so`mlik zarar ixtiyoriy qoplangani bois to`plangan hujjatlar yuzasidan JPKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish to`g`risida qaror qabul qilindi.

MA`LUMOT O`RNIDA 

MIB organlari tomonidan karantin davrida huquqbuzarliklarning oldini olish bo`yicha olib borgan tezkor tadbirlari davrida 35,224 ming so`mdan ortiq zarar etkazish bilan 1336 ta holat aniqlangan.

  • 424 tasi tabiiy gaz; 
  • 912 tasi elektr energiya tarmoqlaridan noqonuniy foydalangan.

Byuro organlari barcha tadbirkorlik sub`ektlarini xalq mulki hisoblangan tabiiy gazdan faqat va faqat oqilona foydalanish lozimligi va undan o`g`rincha foydalanish uchun jinoiy javobgarlik mavjudigini eslatib qoladi.

 

MUROJAAT QILING! 

Majburiy ijro byurosi faoliyatiga doir har qanday masalalar bo`yicha “1107” qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat etish mumkin.

                                                                                                                                              Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar