Bugun poytaxtimizda «O`ZGEOINVEST- 2015”: O`zbekiston qattiq foydali qazilmalarininig sarmoyaviy potensiali” mavzusida xalqaro anjuman o`tkazildi.
Ushbu anjuman Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 25 iyuldagi “Foydali qazilma konlarida geologiya-qidiruv ishlarini o`tkazish va qazib olishga investisiyalarni jalb qilish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori va boshqa tegishli me`yoriy hujjatlarga muvofiq o`tkazildi.
Anjumanda mamlakatimizdagi tegishli idora va muassasalaraning rahbarlari, Vatanimiz va xorijiy mamlakatlarning tog`-kon va konsalting kompaniyalari, ilmiy institutlar vakillari ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston o`zining foydali qazillmalari zahirasi bo`yicha dunyo davlatlari orasida etakchi o`rinlardan birini egallaydi. Birgina oltin zahirasi bo`yicha o`ninchi, uni qazib olish bo`yicha o`n birinchi o`rinda turadi. 2015 yilning 1 yanvar holatiga ko`ra, mamlakatimiz miqyosida 1838 ta kon ochilgan. Shundan 950 tasining ochilishi aynan mustaqillik yillariga to`g`ri keladi. Bugungi kunda mavjud konlardan foydali qazilmalarni qazib chiqarish va qayta ishlashda mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etish muhim o`rin tutadi.
Shu munosabat bilan investision bloklar va istiqbolli maydonlarda geologiya qidiruv ishlarini olib borish uchun 200 dan ortiq takliflar tayyorlangan. Sarmoyadorlar e`tiboriga 38 ta maydon havola etilgan. Shuningdek foydali qazilmalar aniqlangan hududlardan foydalanish uchun 1456 ta lisenziya berilgan.
Anjumanda mahalliy va xorijiy mutaxassislar mavzu yuzasidan o`z taklif va mulohazalarini bildirishdi.





