Xabaringiz bor, bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda Andijonda fuqaroning IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanib o`ldirilgani haqidagi xabarlar keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Holat bo`yicha IIV vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, ushbu fojida ishtirok etgan va mas`ul bo`lgan 5 nafar lavozimdagi shaxslarni ishdan olingani va 19 nafar xodim jazolanganini ma`lum qildi.
Hodisaga O`zbekistonning bir qator ijtimoiy faol shaxslari — jurnalist, bloger va deputatlar munosabatlarini e`lon qilishdi. Xususan, Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov voqeaga munosabat bildirdi.
"So`nggi yillarda barcha sohalarda o`zgarishlarni ko`rayapmiz. Adolatni ta`minlovchi organlar faoliyatida ham ma`lum bir yangiliklar bo`lmoqda. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini yangi tizimga o`tkazish har qancha gapirilmasin, kimlardir bu ta`kidlarni o`ziga singdira olmayotgani achinarli hol.
Andijon viloyatidagi IIB xodimlarining hatti-harakati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan e`tirozga sabab bo`layotgani bejiz emas.
Binobarin, ularning noo`rin munosabati asnosida kasb sha`ni oyoq osti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi yashash ne`matidan mosuvo bo`ldi. Shu bilan birga mamlakat rahbariyati va aholimizning davlatning xalqaro imidjini yaxshilash uchun qilayotgan ko`p sonli harakatlariga putur etdi.
IIB mas`ullarining maqsadi bir bo`lishi lozim – haqiqatning tagiga etish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo`lmaydi, fuqarolarni do`pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi.
Afsuski, IIV bunday hollarga “Bu yangilik emas” deb qarashga odatlanib qolgan.
“Adolat” sosial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo`yicha ichki ishlar tizimining faoliyatini tubdan takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan.
Shunday ekan, biz bu kabi ko`ngilsiz holatlarga kechiktirmay barham berilishi, mudhish illatlar odatiy holdek qabul qilinmasligi tarafdorimiz.
Albatta, aybdorlar tomonidan tegishli mutasaddilar jazosini olishi kerak. Lekin, ularning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi. Yoki bunday holat boshqa takrorlanmaslik kafolatini bermaydi. Ya`ni ichki ishlar tizimida islohotlar natijadorligi zamon talablariga mos emas.
Bu holat boshqa takrorlanmaslik uchun kimnidir javobgar qilish, kimnidir ishdan bo`shatish, kimgadir intizomiy chora bilan cheklanish emas, tizimli islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirish lozim. Bunda tergov organlarining idoraviy manfaatdorligini barataraf etish, ular mustaqilligini ta`minlash, jarayonlarni shaffoflashtirish lozim.
Eng asosiysi “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonunda “Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitusiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta`minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat” ekanligi to`g`risidagi norma IIV faoliyatining eng asosiy tamoyiliga aylanishi lozim", — deyiladi deputat mulohazalarida.






