Navoiyda joriy yilning to`qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlashga bag`ishlangan faollar yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda kun.uz xabar berdi.
Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig`ilishda asosiy e`tibor Prezidentimizning joriy yil 16 yanvar kuni bo`lib o`tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo`ljallangan eng muhim ustuvor yo`nalishlari va vazifalari ijrosini ta`minlashga qaratildi.
Hisobot davrida iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 4,3, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,3, iste`mol tovarlari ishlab chiqarish 12,6 foizga o`sishi ta`minlandi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish 6,6 foizga ko`paydi. Qurilish ishlari 5,9, chakana savdo aylanmasi 15,4, jami xizmatlar hajmi 18,7 foizga o`sdi.
Hududiy korxonalar tomonidan amalga oshirilgan mahsulot va xizmatlar eksporti qariyb 40 million dollarni tashkil etdi. Jalb etilgan 1 trillion 1 milliard so`mlik investisiyalarning 7 milliard 500 millioni to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalardir. 741 yangi ishlab chiqarish ob`ekti foydalanishga topshirildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatda 34 ming yangi ish o`rni yaratildi.
“Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi ijrosiga qariyb 143 milliard 700 million so`m va 2 million 600 ming dollar miqdorida mablag` yo`naltirildi.
Navoiy viloyati faollari yig`ilishida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari B.Hodiev so`zga chiqdi.





