O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarixida 2020 yil 13 iyun sanasi quvonchli voqea ila muhrlandi. Ushbu kunda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutining navbatdagi bitiruvchilariga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi va ularga tantanali ravishda diplom va ko`krak nishonlari topshirildi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tantanali marosimda 4 yil davomida qunt va katta ishtiyoq bilan tahsil olgan kursantlar oliy ma`lumot to`g`risidagi diplomga ega bo`lishlari bilan birga, intiqib kutilgan ilk ofiserlik unvoniga ham ega bo`ldilar.
Bitiruv marosimiga O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo`mondonligi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari vajamoat arboblari tashrif buyurib, yosh ofiserlarni institutni tamomlaganliklari, ofiser degan sharafli nomga sazovor bo`lganliklari bilan samimiy muborakbod etib, unutilmas bayram bilan tabrikladilar.
Tadbirda so`zga chiqqan mehmonlar yosh ofiserlarga o`quv yurtida olgan bilim va ko`nikmalarini kelgusida amalda samarali qo`llagan holda, Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan bajarishlari va xalqimizga fidokorona xizmat qilishlarini tilab qolishdi.






