O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 16 iyun kuni xizmat ko`rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bog`liq vaziyatga to`xtalib, oxirgi paytda yurtimizda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi o`rtasida ham ko`plab ro`y berayotganiga e`tibor qaratdi.
Jumladan, Toshkent shahrida so`nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma`lum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.
– Bularning barchasi koronavirus bilan bog`liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko`rsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va mas`uliyatni o`n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to`g`ri bo`ladi. Qanchalik qiyin bo`lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat`iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o`ylab, nafaqat o`zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas`uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa`y-harakatlarimiz yo`qqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag`rikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib o`tadi.






