O`zbekistonda koronavirusning engil shakliga chalingan yoki kasallik alomatlarsiz o`tayotgan bemorlarni uyda davolash amaliyoti yo`lga qo`yilishi mumkin. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev videoselektor yig`ilishida aytib o`tdi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli tuzilmalar bilan birgalikda tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlari, huquq-tartibot va mahalla vakillari ishtirokida uyma uy yurib, faol tushuntirish ishlarini olib borishi kerakligini ta`kidladi.
Shuningdek, aholiga xizmat ko`rsatadigan, bevosita aloqada bo`ladigan barcha muassasalar xodimlarini muntazam koronavirusga testdan o`tkazish amaliyotini kengaytirish kerakligi ta`kidlandi.
“Virusning engil shakllari aniqlangan yoki kasallik alomatlarsiz o`tayotgan bemorlarni uy sharoitida tibbiy nazoratda ushlash va davolash amaliyotini yo`lga qo`yishimiz kerak. Albatta, iqtisodiyotni tiklashimiz, ishchi joyi tashkil qilishimiz kerak. Lekin bu baloni hech qachon unutmasligimiz kerak. Biz uch oylik juda og`ir yo`ldan o`tdik”, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoev har bir tuman, to`rtta sektor rahbarlarini ogohlikka davat etdi va karantin normalariga qattiq rioya qilinsa, bu holatdan eson-omon chiqish mumkinligini ta`kidladi.






