Baliqchida elektr hisoblagichidagi kamchiliklarni rasmiylashtirmaslik evaziga fuqarodan 400 AQSh dollari talab qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda "Darakchi"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.Sh. Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro S.S.dan firibgarlik yo`li bilan pul undirayotgani aniqlandi.
A.Sh. S.S.dan uyida elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan nazorat tekshiruvida aniqlangan kamchiliklar bo`yicha 40 mln so`m atrofida jarima to`lashi kerakligini aytib, ushbu holat bo`yicha bayonnoma tuzdirmaslik evaziga 400 AQSh dollari talab qilgan. Shundan, 1 mln so`m va 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






