Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov mahalliy televidenie orqali chiqish qilib, viloyatdagi hozirgi epidemiologik vaziyat hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar ko`rilayotgani haqida ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, hozirda viloyatda 4118 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 298 nafari tibbiyot muassasalarida, 678 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 3142 nafari esa o`z uylarida kuzatuvda bo`lib turibdi.
"Eng yomoni, bu kasallik aholi orasida aniqlanayapdi. Ular kasallikni aynan qaerda yuqtirganligini, kasallik manbaini aniqlashimizning imkoni qiyin bo`lmayapti.
Shuning uchun virus tarqalishining oldini olishda barchamiz birdek mas`uliyatimizni oshirib, bor kuchimizni safarbar etishimiz lozim.
Kuzatilayotgan epidemik vaziyatni hisobga olib, biz bugundan Termiz shahriga kirib-chiqishni to`xtatdik va bir qator yumshatishlarni bekor qildik.
Termiz shahri fuqarolari, tadbirkorlari bundan to`g`ri xulosa chiqarib, karantin talablariga rioya etishi lozim. Shu bilan birga, epidemik vaziyat murakab bo`lgan Termiz, Denov, Muzrabot, Sho`rchi, Qumqo`rg`on va Boysun tumanlarida ham karantin talablarini qat`iylashtiramiz", - deyiladi viloyat hokimi murojaatida.






