AsosiyJamiyat

O`zbekiston UNWTO Evropa mintaqaviy komissiyasining 65-sessiyasiga mezbonlik qiladi

'O`zbekiston UNWTO Evropa mintaqaviy komissiyasining 65-sessiyasiga mezbonlik qiladi'ning rasmi

BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi Evropa mintaqaviy komissiyasining navbatdagi 65-sessiyasi Samarqand shahrida bo`lib o`tadi, tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib beradi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan UNWTO bosh kotibiyatiga 2020 yilgi Evropa Komissiyasi 65-sessiyasini Samarqand shahrida o`tkazish bo`yicha yuborilgan taklifi doirasida shunga oid qaror qabul qilingan. 2020 yil 24-25 iyun kuni Samarqand shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan mazkur tadbirda 40 dan ortiq mamlakatning turizm va sohaga oid vazirlik hamda idoralaridan 300 dan ortiq delegasiya vakillari tashrif buyurishi, tadbir doirasida Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda konferensiya o`tkazilishi rejalashtirilgan edi. 

COVID-19 pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat sababli ushbu tadbirni onlayn rejimda o`tkazishga qaror qilindi. Asosiy mavzu pandemiyaning turizmga ta`siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratiladi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan ochib beriladi. Shundan so`ng UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili,  mintaqaviy komissiya raisi – Gresiya Turizm vaziri Garri Teoxaris, Evropa departamenti direktori Alissandra Priante so`zga chiqadi. Onlayn tadbirdan “COVID-19 ga javob siyosati” mavzusida vazirlararo muhokamalar hamda UNWTO va Xalqaro moliya korporasiyasining “yashil” moliyalashtirish instrumenti mavzusidagi ma`ruzalari o`rin oladi. Sessiyada shuningdek, navbatdagi 66-yig`ilishni to`liq formatda o`tkazish masalasi muhokama qilinadi, mezbon sifatida O`zbekiston nomzodi qayta taklif etilishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar