Sirdaryo tumani «Taraqqiyot» mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi 97 yoshli Rabza momo Shodiyorovaning shu paytgacha shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjati yo`qligi bois, unga Davlat xizmatlari agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma berildi.
O`zA yozishicha, Rabza momo hujjati yo`qligi uchun bir umr armon bilan yashab kelgan. Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qilgan, kolxozda ketmon chopgan, paxta tergan, kechalari bilan tikish tikkan. O`g`il-qizlarini o`qitgan, oliy ma`lumotli qilgan... Ammo shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini ko`p marta harakat qilsa ham to`g`irlay olmagan.
Ma`lum bo`lishicha, Rabza momo singari "hujjatsiz qariyalar" Sirdaryo tumanida yana 5 nafarni tashkil qilar ekan. Ular qarilik pensiyasi va hatto ko`p yillik mehnatlari natijasida orttirgan nogironliklari uchun nafaqalarini ham ololmay kelgan.
"Xalqimizning, hechdan ko`ra kech yaxshi, degan dono maqoli bor. Mana momojonlar salkam 100 yildan keyin bo`lsada, tug`ilganlik guvohnomalari bugun qo`llariga tegdi. Xudo xohlasa, erta-indin pasport ham, allaqachonlardan buyon olishlari kerak bo`lgan pensiyalar ham tegishli idoralar xodimlari tomonidan berishlariga endi aslo shubha qilmang" deyiladi O`zA xabarida.






