“Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori (PQ-4754-son, 17.06.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida:
* Davlat bojxona qo`mitasi, Davergeodezkadastr, byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o`rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo`yicha apellyasiya kengashlari tashkil etiladi;
* jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g`ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o`z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyasiya kengashi tomonidan ko`rib chiqiladi.
Mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan to`g`ridan-to`g`ri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.
Qaror bilan Apellyasiya kengashining asosiy vazifalari belgilandi.
Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o`rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko`rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko`rish Apellyasiya kengashining vazifalaridan biridir.
Qarorga ko`ra, Apellyasiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan 2,5 yil muddatga tasdiqlanadi.
Apellyasiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a`zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin.
Apellyasiya kengashi unda ko`rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega bo`lgan xulosa qabul qiladi.
Apellyasiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa 3 kun muddatda davlat organi rahbariga ko`rib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma`lumot uchun yuboriladi.
Apellyasiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o`rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin.
Bunda, davlat organi rahbari yoki uning o`rinbosari qabul qilingan qaror to`g`risida 3 kun muddatda Apellyasiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.
Qaror bilan Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o`rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo`yicha apellyasiya kengashi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.